Havo sifati yomonlashganda avtomobillar harakati cheklanishi mumkin
Bundan vaziyatda aholiga ochiq havoda kamroq boʻlish, taʼlim va davlat tashkilotlariga esa masofaviy tartibga oʻtish tavsiya etilishi taklif qilinmoqda.

Oʻzbekistonda havo sifati yomonlashganda transport, qurilish va korxonalar faoliyati cheklanishi mumkin.
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi atmosfera havosi ifloslanishining oldini olishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻydi. Muhokama 12 dekabrga qadar davom etadi.
Loyihaga koʻra, havo sifati yomonlashgan davrlarda quyidagi choralar koʻrilishi kutilmoqda:
Shahar markazlarida ogʻir yuk mashinalari harakati cheklanadi. Zarurat tugʻilganda, avtomobillarning davlat raqamiga qarab toq va juft kunlarda harakatlanish tartibi joriy etiladi (elektromobil va maxsus transportlar bundan mustasno).
Aholi zich hududlarda qurilishlar vaqtincha toʻxtatiladi, maydonlarda chang bostirish uskunalari majburiy boʻladi. Havo “qizil” va “binafsharang” darajaga yetganda I va II toifadagi korxonalar ishlab chiqarish quvvatini pasaytiradi, energetika korxonalariga esa mazut yoqish taqiqlanadi.
Barcha favvoralar uzluksiz ishlatiladi, koʻcha va yashil hududlar tez-tez sugʻoriladi. Issiqxonalarda taqiqlangan yoqilgʻi ishlatilishiga qarshi reydlar oʻtkaziladi.
Aholiga ochiq havoda kamroq boʻlish, taʼlim va davlat tashkilotlariga esa masofaviy tartibga oʻtish tavsiya etilishi mumkin. Ommaviy va sport tadbirlari bekor qilinadi.
Havo sifatini baholashning 5 darajali (yashil, sariq, zargʻaldoq, qizil, binafsharang) milliy indeksi joriy etiladi. Ifloslanish “qizil” va “binafsharang” darajaga yetganda FVV aholiga avtomatik tarzda ogohlantiruvchi SMS yuboradi.





