Toshkentda yuzdan oshiq xorijliklar ishtirokidagi ikkita koll-markaz fosh etildi
Mazkur shaxslar Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ommalashgan onlayn-platformalar orqali firibgarlik sxemalarini amalga oshirish hamda virusli havolalarni yuborish yoʻli bilan xorijiy davlatlar fuqarolarining pul mablagʻlarini oʻzlashtirish bilan shugʻullanishgan.

“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtimizda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari fuqarolari tomonidan noqonuniy tashkil etilgan ikkita “Call-markaz” faoliyatini fosh etishdi. Bu haqda DXX Platina.uz`ga xabar berdi.
Tezkor tadbir davomida jami 122 nafar chet elliklar aniqlanib, ulardan 18,5 ming AQSh dollari, 116,5 mln soʻm, 67 ta noutbuk, 569 ta uyali aloqa vositasi, 6 ta Wi-Fi, 3 ta sunʼiy yoʻldosh aloqa qurilmasi, 5 ta kompyuter, 3 ta planshet va xorijiy davlatlar mobil operatorlariga tegishli 1000 dan ortiq SIM-kartalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur shaxslar Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ommalashgan onlayn-platformalar orqali firibgarlik sxemalarini amalga oshirish hamda virusli havolalarni yuborish yoʻli bilan xorijiy davlatlar fuqarolarining pul mablagʻlarini oʻzlashtirish bilan shugʻullanishgan.
Bundan tashqari, ular jami 64895 USDT miqdoridagi kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasini amalga oshirganliklari ham aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





