Oʻzbekistondagi Yangiobod va Chorkesar-2 sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari yakunlandi
Loyihani amalga oshirish uchun 9 million yevro miqdorida grant mablagʻlari ajratilishi koʻzda tutilgan. Ushbu mablagʻlar rekultivatsiya ishlarini bajarish, shuningdek, loyihani texnik va konsalting jihatdan qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.

Maʼlumki, sobiq uran konlari hududlarida yuzaga kelgan ekologik va radiatsiyaviy xavflarni kamaytirish, ularni xavfsiz holatga keltirish hamda uzoq muddatli monitoring yoʻlga qoʻyilgan. Bu borada xalqaro hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Yevropa Ittifoqi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan boshqariladigan Markaziy Osiyo uchun ekologik tiklash hisobvaragʻi (ERA) doirasida Oʻzbekistondagi Yangiobod va Chorkesar-2 sobiq uran konlarini rekultivatsiya qilish ishlari yakunlandi.
Loyihani amalga oshirish uchun 9 million yevro miqdorida grant mablagʻlari ajratilishi koʻzda tutilgan. Ushbu mablagʻlar rekultivatsiya ishlarini bajarish, shuningdek, loyihani texnik va konsalting jihatdan qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.
Loyiha doirasida radiatsiyaviy va ekologik xavflarni kamaytirish, aholi xavfsizligini taʼminlash hamda zarar koʻrgan hududlarni tiklashga qaratilgan kompleks ishlar bajarildi. Jumladan, xavf tugʻdiruvchi shaxta va yerosti kon yoʻlaklari yopildi, suv oqimlari qirgʻoqlari mustahkamlandi, togʻ jinslari agʻdarmalari rekultivatsiya qilindi hamda suv qochirish inshootlari tiklandi.
Chorkesar-2 obʼektida rekultivatsiya ishlari 2024 yilda, Yangiobod obʼektida esa 2025 yilda yakunlandi. Qoʻshimcha ishlar esa 2026 yil avgust oyida nihoyasiga yetkazildi.
Hozirda tiklangan hududlarning ekologik holatini uzoq muddatli monitoring qilish, ularning xavfsizligini taʼminlash va erishilgan natijalar barqarorligini saqlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 avgustdagi «Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi uran merosi obʼektlarini uzoq muddatli boshqarish boʻyicha milliy operator etib belgilangan.
Mamlakatimizda ekologik reabilitatsiyaga muhtoj boshqa uran merosi obʼektlari ham mavjud. Jumladan, Toshkent viloyatidagi Krasnogorsk va Namangan viloyatidagi Chorkesar-1 obʼektlarini ham ekologik tiklash zarur. Bu boradagi ishlar qoʻshimcha moliyaviy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni kengaytirishni talab etadi.





