platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Maqola

Ikki qizaloqni ajratgan jarroh, olovga kirgan kapitan, 80 yoshli parashyutchi: «Inson faxri»ning yangi qahramonlari

Muddatidan oldin tugʻilgan siam egizaklarini operatsiya qilish orqali ajratgan professor Baxtiyor Ergashev «Yil shifokori» boʻldi. Yongʻinda halok boʻlgan kapitan Boburmirzo Pardayev ham mukofotga loyiq topildi.

Ikki qizaloqni ajratgan jarroh, olovga kirgan kapitan, 80 yoshli parashyutchi: «Inson faxri»ning yangi qahramonlari
Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

26 noyabr kuni Toshkentdagi xalqaro forumlar saroyida «Inson faxri» milliy mukofotining ikkinchi topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Mukofot 10 ta nominatsiyada mehr-shafqat, jasorat va fidoyilik namunasini koʻrsatgan fuqarolar hamda jamoalarga berildi. «Yil shifokori» nominatsiyasida vaqtidan ilgari dunyoga kelgan siam egizaklarini ajratish operatsiyasiga boshchilik qilgan professor Baxtiyor Ergashev taqdirlandi.

Ular dunyoga kelganiga endigina toʻqqiz soat boʻlgandi. Ikkalasining vazni qoʻshib hisoblanganda ham 3,4 kilogrammdan oshmasdi. Shunga qaramay, Respublika perinatal markazi jarrohlari tanalari bir-biriga tutashib tugʻilgan ikki qizaloqni ajratishga qaror qildi va buni uddaladi. Professor Ergashev bilan bir sahnada yana toʻqqiz nominatsiya sohiblari turdi: olov ichidan yetti kishini olib chiqib, oʻzi qaytmagan qutqaruvchi, aravachada yurib qishloq bolalarini olimpiadaga tayyorlayotgan oʻqituvchi va 80 yoshida osmonga sakragan sobiq muallima shular jumlasidan.

Mukofotni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etgan. U mehr-shafqat, jasorat, fidoyilik va faol fuqarolik pozitsiyasini koʻrsatgan insonlarni jamoatchilik nomidan eʼtirof etish uchun beriladi.

Bu yil mukofot yangi maqomga ega boʻldi. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 7 oktabrdagi 540-son qarori bilan «Inson faxri» davlat miqyosidagi milliy mukofot sifatida taʼsis etildi va endi har yili topshiriladi.

Sovrindorlar orasida shifokorlar, pedagoglar, qutqaruvchilar, koʻngillilar, mahalla jamoalari va jamoat tashabbuslari vakillari bor. Marosimda har bir qahramon haqida hujjatli videolavha namoyish etildi. Mukofotlarni ijtimoiy-siyosiy hayot, madaniyat, sanʼat, fan va sport sohalarining taniqli vakillari topshirdi. Zalda mukofot gʻoyasini qoʻllab-quvvatlagan yuzlab faxriy mehmonlar oʻtirdi.

«Ikkinchi yildirki, mukofot yurtimizda oʻzgalar dardiga befarq boʻlmaydigan insonlar koʻp ekanini tasdiqlamoqda. Har bir nominatsiya ortida mehnati boshqalar hayotini yaxshi tomonga oʻzgartirayotgan inson, oila yoki butun bir jamoa turibdi», — dedi agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

Uch kilogramm, toʻqqiz soat, besh soatlik operatsiya

Kechaning eng taʼsirli hikoyalaridan biri «Yil shifokori» nominatsiyasi sovrindori, Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal jarrohlik markazi rahbari, professor Baxtiyor Ergashevniki boʻldi.

Bu voqea 2025 yil 25 avgustda yuz berdi. Egizaklar muddatidan oldin tugʻilgan edi, kutish esa ular uchun xavfli edi. Shu bois jarrohlar operatsiyani kechiktirmadi. Besh soatlik jarrohlikdan soʻng ikki qizaloq bir-biridan muvaffaqiyatli ajratildi va ikkalasi ham omon qoldi.

«Bu oʻta noyob operatsiya. Amaliyotimda siam egizaklarini mustaqil ajratishimiz ikkinchi marta. Birinchisini 2022 yilda qirgʻizistonlik Fotima va Zuhra ustida oʻzimiz mustaqil oʻtkazgandik. Bu safargi operatsiya jahon tibbiyoti tarixida oxirgi 25 yil ichida shu tarzda shoshilinch oʻtkazilgan operatsiyalardan biri hisoblanadi», — deydi professor.

Baxtiyor Ergashev 30 yildan ortiq vaqtdan beri eng kichik va eng ogʻir bemorlar bilan ishlaydi. Uning aytishicha, bunday operatsiya aynan Oʻzbekistonda bajarilgani unga katta gʻurur bagʻishlaydi.

«Bu men uchun juda katta motivatsiya. Shahnoza Mirziyoyevaga va barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman. Lekin bu mukofot faqat meniki emas. Uni butun Respublika perinatal markazi jamoasining mukofoti deb hisoblayman», — dedi u.

«Chet elga olib boramizmi, deb ham oʻylagandik»

Egizaklarning ota-onasi uchun operatsiya kuni hayotlaridagi eng uzoq kun boʻldi. Ular oʻsha soatlarni hamon hayajon bilan eslaydi.

«Qoʻrqdik. Uch kilodan sal oshiq tugʻilgan bolalarning operatsiya stoliga yotishi juda qoʻrqinchli edi. Olti soat davomida butun oilamiz nima qilishni bilmay turdi», — deydi ular.

Ota-onaning tan olishicha, dastlab xayollaridan bolalarni chet elda operatsiya qildirish fikri ham oʻtgan. Biroq oxir-oqibat ular oʻz yurtidagi shifokorlarga ishonishdi.

«Avvalambor Prezidentimizga rahmat — shifokorlarimizga shunday sharoitlar yaratib berayotgani uchun», — deydi ular.

«Yil shifokori»dan tashqari kimlar taqdirlandi?

Xalq qahramoni — 22-son Mehribonlik uyi futbol jamoasi. Toshkentdagi 22-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari 2026 yilda bolalar uylari oʻrtasidagi futbol boʻyicha jahon chempioni boʻldi. Varshavadagi turnirda 35 ta jamoa qatnashdi, oʻzbekistonlik yigitlar esa yettita oʻyinning barchasida gʻalaba qozondi. Bu chempionatda Oʻzbekiston bayrogʻi ilk bor shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi.

Jasoratning yorqin namunasi — Boburmirzo Pardayev. 15 avgust kuni Toshkentning Uchtepa tumanidagi turar joy binosida yongʻin chiqdi. Maxsus qutqaruv bataloni guruh komandiri, 33 yoshli kapitan Boburmirzo Pardayev yetti kishini olov ichidan olib chiqdi va bino ichida ishlashda davom etdi. Shu payt tom kutilmaganda qulab tushdi. Boburmirzo voqea joyida halok boʻldi, u qutqargan yetti inson esa omon qoldi.

Umr ishi — Gulnora Yembergenova. U 25 yildan ortiq vaqtdan beri Qoraqalpogʻistonning yoʻqolib borayotgan hunarmandchiligini tiklab kelmoqda. Orol fojiasidan keyin «Orolning oltin merosi» birlashmasini tuzib, Moʻynoq va Orolboʻyi ayollariga kashtachilik, gilamdoʻzlik va milliy kiyim tikishni bepul oʻrgatmoqda. Yuzlab ayollar kasb egalladi, ularning bir qismi oʻzi ham ustozga aylandi.

Birdamlik kuchi — «Olgʻabos» mahallasi. Sayxunobod tumanidagi mahallada rais, faollar, tadbirkorlar va aholining oʻz kuchi bilan barcha 14 ta koʻcha asfaltlandi, ikkita koʻprik qurildi, maktab taʼmirlandi, yongʻindan zarar koʻrgan oilalarning uylari tiklandi. Issiqxonalar soni 3 tadan 42 taga yetdi, 502 ta xonadon tomorqasidan samarali foydalanmoqda.

Betakror rekord — Soniya Hasanova. 80 yoshli sobiq oʻqituvchi hayotida ilk bor parashyutdan sakrash uchun aerodromgacha velosipedda 118 kilometr yoʻl bosdi va 3000 metr balandlikdan sakradi. 30 yil maktabda dars bergan Soniya opa nafaqaga chiqqach, ilgari vaqt topa olmagan orzularini roʻyobga chiqarishga qaror qilgan: Zomin togʻlarida roupjamping qilgan, hanuz muntazam velosiped haydaydi. Eng jasur qadamlarining koʻpini milliy atlas koʻylakda tashlaydi.

Oila tarixi — Azizbek Gadoyev. Sirdaryo viloyatidagi Gadoyevlar oilasi 2021 yildan beri oʻn nafar bolani tarbiyalamoqda: ikki nafari oʻz farzandi, sakkiz nafari ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar. Tarbiyalanuvchilardan ikki nafari oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirdi, boshqalari viloyat sport musobaqalarida gʻolib boʻlmoqda.

Mehr-shafqat yoʻli — «Mehrli maktab». «Zamin» jamgʻarmasi tashkil etgan bu loyiha Oʻzbekistondagi ilk gospital pedagogika tashabbusi hisoblanadi. Uzoq muddat davolanayotgan, jumladan onkologik kasallikka chalingan bolalar bu yerda oʻqishni davom ettiradi, ijod bilan shugʻullanadi va psixologik yordam oladi.

Iroda kuchi — Doniyor Gʻaybullayev. Buxoro viloyatidagi Jushara qishlogʻida matematikadan dars beradigan Doniyor nogironlik aravachasida harakatlanadi. 2018 yilda u kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun uyida bepul toʻgarak ochdi. 2025 yilga kelib toʻgarak 100 ga yaqin oʻquvchi bepul tahsil olayotgan taʼlim markaziga aylandi. Shogirdlari Prezident maktablariga kirmoqda va xalqaro olimpiadalarda oltin medallar olmoqda.

Yurt faxri — Islom sivilizatsiyasi markazi. 2026 yilda markaz dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida eʼtirof etildi va Oʻzbekiston jahon rekordini oʻrnatdi. Markazda tarix, ilm-fan va Markaziy Osiyo buyuk mutafakkirlarining merosi jamlangan. Uni yaratishda meʼmorlar, tarixchilar, olimlar va restavratorlar mehnat qildi.

Tashkilotchilarning maʼlum qilishicha, kelgusida har bir fuqaro inson-faxri.uz sayti orqali ariza yuborib, oʻz atrofidagi munosib insonni nomzod sifatida taklif eta oladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid