2027 yildan temir yoʻl sohasida yangi tarif siyosatini tatbiq etish boshlanadi
Yuk vagonlarini import qilish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi. Temir yoʻl liniyasidan foydalanish toʻloviga 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasi qoʻllaniladi.

Yuk vagonlariga boʻlgan talab yildan yilga oshib bormoqda. Shu bois, vagonlar parkini har yili 5-6 mingtaga koʻpaytirish zarur.
Buning uchun tadbirkorlarga qator yengilliklar yaratiladi.
Xususan, yuk vagonlarini import qilish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi. Temir yoʻl liniyasidan foydalanish toʻloviga 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasi qoʻllaniladi.
Prezidentimiz Jahon banki bilan birgalikda temir yoʻl sohasida yangi tarif siyosati ishlab chiqilganini maʼlum qildi.
Mutasaddilarga 2027 yildan ushbu siyosatni bosqichma-bosqich tatbiq etishni boshlash topshirildi. Kelgusi yildan har bir yoʻnalish boʻyicha temir yoʻl liniyasidan foydalanish, lokomotiv va vagon uchun toʻlovlar alohida koʻrsatiladigan tizimni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Oʻzbekistonni Sharq va Gʻarb, Shimol va Janubni bogʻlovchi yirik quruqlik portiga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Ayni paytda Oʻrta yoʻlak imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti.
Mutasaddilarga Ozarbayjon, Turkmaniston va Gruziya bilan elektron yuk hujjatlarini oʻzaro tan olish boʻyicha kelishuvlarni yakunlash topshirildi.
Mamlakatimizdan Kaspiy, Qora dengiz, Sharqiy Xitoy dengizi va Boltiqboʻyi davlatlari portlarigacha blok-poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyib, bu haqida tadbirkorlarga maʼlum qilish vazifasi qoʻyildi.
Keyingi oʻn yilda mamlakatimizning logistika quvvatlarini 80 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Endilikda Xonobod shahri, Olot, Termiz, Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Prezidentimiz zamonaviy logistika markazlari yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinganini eslatdi.
Mutasaddilar va hokimlarga bundan unumli foydalanib, investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 9 ta yirik logistika markazini barpo etish topshirildi.





