Yuji Beleza: "Dunyoga Oʻzbekiston boshqacha bir olam ekanini koʻrsatmoqchiman"
Dunyoning mashhur poliglot blogerlaridan biri Yuji Beleza mamlakatimizga keldi. Yuji Oʻzbekistonga birinchi marta kelayotgani yoʻq: u bu yerda sakkiz yil avval ham boʻlgan. U oʻtgan vaqt ichida mamlakat ancha ijobiy yoʻnalishda oʻzgarganini qayd etdi.

Dunyoning mashhur poliglot blogerlaridan biri Yuji Beleza mamlakatning tarixi, goʻzalligi va odamlarining samimiyligini millionlab muxlislariga koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonga keldi.
Yuji Oʻzbekistonga birinchi marta kelayotgani yoʻq: u bu yerda sakkiz yil avval ham boʻlgan. U oʻtgan vaqt ichida mamlakat ancha ijobiy yoʻnalishda oʻzgarganini qayd etdi. Eng koʻzga tashlangan farq sifatida u sayyohlar sonining sezilarli oshganini taʼkidladi.
"Men Oʻzbekistonga dunyoga bu qanchalik goʻzal va tarixiy yurt ekanini koʻrsatish uchun keldim. Oʻzbekiston — boshqacha bir olam, boʻlakcha mamlakat, bu yerda juda yaxshi odamlar yashaydi", — deydi u jurnalistlarga bergan intervyusida.
Yuji kontentini oʻzbekzabon auditoriyaga ham yetkazishni maqsad qilgan: uning fikricha, oʻzbek tili boy tarixga va madaniyatga ega til.
Mehmonni eng koʻp hayratga solgan jihat — oʻzbek xalqining samimiyati.
"Oʻzbeklar juda mehmondoʻst. Ular meni doim uylariga taklif qilishga intilishadi. Bu juda yoqimli", — deydi u.
Platina.uz muxbiri undan qaysi oʻzbek maqolini bilishini soʻraganida, Yuji "Mehmon otangdan ulugʻ"," Suvday serob boʻl" deb javob berdi.
Uning qiziqishi adabiy til bilan cheklanmaydi. Yuji Oʻzbekistonda turli shevalarni yaqindan oʻrganish niyatida ekanini aytdi.
Tillar Yuji Beleza faoliyatining asosini tashkil etadi. U besh tilni mukammal bilishini aytgan. Maʼlumotlarga koʻra, u yapon, ingliz, rus, nemis va turk tillarini yaxshi biladi, yana 20 ga yaqin tilda qisman gaplasha oladi.
"Men dunyoga turli tillarning goʻzalligini koʻrsatmoqchiman. Bu mening maqsadim", — deydi Yuji.
Uning aytishicha, Oʻzbekiston haqida allaqachon koʻp material tasvirga olingan va bu ish davom etadi. Bloger oʻz kontenti mamlakatga koʻproq sayyoh jalb etishga xizmat qilishini istaydi. Oʻzbekistonning turizm salohiyati haqidagi savolga u mamlakatni goʻzal deb taʼriflab, dunyo hali u haqida koʻp narsani bilib olishi kerakligini aytdi.
Maʼlumot uchun, Yuji Beleza yapon va irland ildizlariga ega, Yaponiyada tugʻilib oʻsgan, hozir esa asosan Venada yashab ijod qiladi. U blogini 2023 yil sentabrida turk tilidagi videolar bilan boshlagan va qisqa vaqtda xalqaro miqyosda tanildi. Uning videolari oddiy formatga qurilgan: koʻchada notanish odamga yaqinlashib, qayerdan ekanini soʻraydi va shu zahoti uning ona tilida gapira boshlaydi. Bu uslub unga millionlab obunachi va CNN kabi xalqaro nashrlar eʼtiborini olib keldi.
Hozirgi kunda uning Instagram'dagi obunachilari soni bir milliondan oshadi, barcha platformalarda esa uni qariyb 20 million kishi kuzatadi. Qozogʻistonda uni til va madaniyatga boʻlgan qiziqishi uchun mamlakatning norasmiy elchisi deb atashadi, 2026 yil sentabrida esa u Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarini kuzatish uchun qoʻshni davlatga kelgan edi.





