Toshkentda prokuratura organlarining 35 yilligiga bagʻishlangan forum ish boshladi
Forumda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-taʼlim muassasalari hamda tegishli idoralar vakillari ishtirok etmoqda.

2026 yil 26 noyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganining 35 yilligiga bagʻishlangan «Tashkent Law Enforcement Forum – 2026» xalqaro ilmiy-amaliy forumi oʻz ishini boshladi.
Bosh prokuratura hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tadbir «Qonuniylik va huquq-tartibotni himoya qilishda: zamonaviy tahdidlar va yangi yechimlar» mavzusiga bagʻishlandi.


Forumda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-taʼlim muassasalari hamda tegishli idoralar vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev kirish soʻzi bilan ishtirok etib, prokuratura organlarining 35 yillik taraqqiyot yoʻli, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar xususida soʻz yuritdi.

Shuningdek, forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Rahimjon Hakimov, Konstitutsiyaviy sud raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomov, Prezident Administratsiyasi masʼul xodimi Marjona Muradova, Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Afgʻoniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston boʻyicha mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe, YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi rahbari vazifasini bajaruvchi Andrian Krintya hamda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, siyosiy fanlar doktori, professor Munira Aminovalar qutlov nutqlari va maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Forumning birinchi kunida ishtirokchilar Huquqni muhofaza qilish akademiyasining ilmiy-innovatsion paviloni faoliyati bilan ham tanishdilar.
Ikki kun davom etadigan xalqaro forum doirasida qonuniylikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda ilgʻor yondashuvlar va innovatsion yechimlarni joriy etish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr va tajriba almashish koʻzda tutilgan.
Mazkur forum prokuratura organlarining 35 yillik faoliyati sarhisobini qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy yondashuvlar va ilgʻor amaliyotni huquqni muhofaza qilish faoliyatiga keng joriy etish borasida muhim xalqaro muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.





