Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Italiyaga magʻlub boʻldi
Endi Oʻzbekiston U17 terma jamoasi qolgan guruhlardagi oʻyinlarning yakunlanishini kutishiga toʻgʻri keladi. Reglamentga asosan uchinchi oʻrinni egallagan 12 ta jamoadan eng yaxshi natijaga ega 8 tasi 1/16 finalga chiqadi.

Futbol boʻyicha 17 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Jahon chempionati guruh bosqichining soʻnggi turida Oʻzbekiston terma jamoasi Italiyaga qarshi maydonga tushib, 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida italiyaliklar toʻliq ustunlikka erishib, ketma-ket uchta gol urishdi: 7-daqiqada T. Kasagrande, 31-daqiqada F. Krochi, birinchi taymga qoʻshib berilgan daqiqalarda (45+2') esa T. Korilyano oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi.
Ikkinchi boʻlimda vakillarimiz vaziyatni oʻnglashga harakat qilishdi va 75-daqiqada S. Sadirjonovning goli evaziga hisobni qisqartirishdi. Biroq oʻyin yakuniga qadar hisob boshqa oʻzgarmadi.
U-17 Jahon chempionati
Guruh bosqichi, soʻnggi tur
Oʻzbekiston — Italiya 1:3
Gollar: S. Sadirjonov (75') — T. Kasagrande (7'), F. Krochi (31'), T. Korilyano (45+2').





