platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlanadigan obʼektlar turlari 24 taga yetkaziladi

Qoʻriqlash sohasini toʻliq raqamlashtirish, mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan holda “Raqamli qoʻriqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi. Mazkur tizim orqali qoʻriqlash xizmatlari boʻyicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, toʻlovlarga oid maʼlumotlarni onlayn olish, tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlanadigan obʼektlar turlari 24 taga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qoʻriqlash xizmatlari sifati va qamrovi darajasini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi oʻn yilda mamlakatimizda ijtimoiy va savdo obʼektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar soni esa 1,5 milliondan 8 milliontaga koʻpaydi. Tunu kun faoliyat yuritadigan savdo va xizmat koʻrsatish koʻchalari soni 255 taga yetdi.

"Xavfsiz shahar", "Xavfsiz poytaxt"," Obod va xavfsiz mahalla" hamda "Xavfsiz xonadon" dasturlari doirasida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, qoʻriqlash obʼektlarining soni 194 mingtadan 337 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni esa 533 tadan 630 taga yetkazildi, 6,5 mingta mahallada patrullik xizmati yoʻlga qoʻyilib, 58 ming nafar qorovulning malakasi oshirildi.

Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlanadigan obʼektlar turlari 24 taga yetkaziladi

Qolaversa, qoʻriqlash xizmatlarining bugungi qamrovi va turlari aholi hamda tadbirkorlarning ortib borayotgan ehtiyojlarini toʻliq qondirmayapti.

Xizmatlar asosan davlat obʼektlarini qoʻriqlash bilan cheklanib qolayotgani, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shu bois, taqdimotda qoʻriqlash faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, aholi, tadbirkorlar, investorlar va sayyohlarning xavfsizligini, mol-mulkining ishonchli himoyasini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.

Avvalo, sohani toʻliq raqamlashtirish, mavjud beshta axborot tizimini birlashtirgan holda “Raqamli qoʻriqlash” yagona axborot tizimini joriy etish taklif qilindi.

Mazkur tizim orqali qoʻriqlash xizmatlari boʻyicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, toʻlovlarga oid maʼlumotlarni onlayn olish, tezkor guruhlarning harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida ehtimoliy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, qoʻriqlash boʻlinmalari faoliyatini samarali boshqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Bugungi kunda mavjud oltita xizmat turiga qoʻshimcha ravishda sakkizta zamonaviy xizmat turini joriy etish taklifi bildirildi.

“Aqlli va xavfsiz uy” konsepsiyasi asosida xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalarini oʻrnatish va ularga texnik xizmat koʻrsatish, mobil qurilmalar orqali tezkor yordam chaqirish imkoniyatini beruvchi virtual “SOS” tizimidan foydalanish koʻzda tutilmoqda.

Investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmatlarini koʻrsatish, oilaviy va boshqa tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatuvni amalga oshirish, mavsumiy faoliyat yurituvchi obʼektlarni qoʻriqlash kabi xizmatlarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Yangi qurilayotgan obʼektlarni qoʻriqlashning muhandislik-texnik vositalari bilan jihozlash boʻyicha yagona talablarni belgilash, shaharsozlik normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish taklif etildi.

Fuqarolarning mol-mulklarini himoya qilish maqsadida koʻp kvartirali uylarda texnik qoʻriqlash (domofon va tashvish tugmalarini oʻrnatish) xizmatidan foydalanish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qoʻriqlash sohasida xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish boʻyicha takliflar bildirildi.

Jumladan, xususiy tashkilotlar tomonidan qoʻriqlashning texnik vositalarini oʻrnatish, sozlash va ularga xizmat koʻrsatishning yagona tartibi va talablarini belgilash koʻzda tutilgan.

Qoʻriqlashning zamonaviy texnik vositalarini mahalliylashtirish, milliy dasturiy taʼminot va qurilmalar ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha rejalar taqdim etildi.

Qayd etilganidek, mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga, qurilmalar ishlab chiqarish quvvatini oyiga 10 mingtadan 30 mingtaga yetkazish hisobiga ularning tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish imkoniyati mavjud.

Sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiyaning qoʻriqlash faoliyatiga oid vakolatlarini kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Xususan, Milliy gvardiya tomonidan qoʻriqlanishi mumkin boʻlgan obʼektlar turlarini 13 tadan 24 taga yetkazish, jismoniy va texnik qoʻriqlash, tansoqchilik hamda turli tadbirlarda jamoat tartibini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish taklif qilindi.

Shu bilan birga, majburiy tartibda qoʻriqlanishi lozim boʻlgan obʼektlar toifalarini qonunchilikda belgilash, idoraviy qoʻriqlash boʻlinmalarining huquq-tartibot organlari bilan oʻzaro hamkorligi tartibini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2027 yilda qoʻriqlashga olingan obʼektlar sonini 600 mingtaga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar sonini 800 taga yetkazish, qoʻshimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmatini tashkil etish maqsadida qoʻriqlash xizmati xodimlari sonini 8 mingtaga oshirish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari qoʻriqlash tizimini takomillashtirishda, avvalo, inson manfaatlari, aholining osoyishtaligi va mol-mulki daxlsizligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop xizmatlarni yoʻlga qoʻyish hamda masʼul idoralarning xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, hamjihatlikda ishlashini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid