platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Iqtisod

Jahon banki Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratdi

Jahon banki Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 800 mln dollarlik moliyalashtirish paketini maʼqulladi. Mablagʻlar 275 mingta ish oʻrni yaratish, energetika va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini jadallashtirishga yoʻnaltiriladi.

Jahon banki Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratdi

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 800 million AQSh dollari miqdoridagi moliyalashtirish paketini maʼqulladi.

Mablagʻlar yuqoriroq haq toʻlanadigan ish oʻrinlarini koʻproq yaratish, xususiy sektorning rolini kengaytirish, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish hamda yanada ekologik toza va inklyuziv oʻsish modeliga oʻtishga qaratilgan islohotlar uchun yoʻnaltiriladi. Erishilgan yutuqlarga tayangan holda, ushbu islohotlar mamlakatning barcha hududlarida xotin-qizlar, fermerlar va tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi. 2029–2031-yillarda koʻzlanayotgan chora-tadbirlar natijasida 275 000ga teng qoʻshimcha va sifatliroq ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

Jahon bankining koʻmagi hukumatga quyidagi yoʻnalishlarda chora-tadbirlarni amalga oshirishda yordam beradi.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish: ijtimoiy sugʻurta qamrovini, shu jumladan homiladorlik va tugʻish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalarni kengaytirish, yanada xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar va oilalarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida ijtimoiy ish xodimlarining kasbiy malakasini oshirish.

Xususiy sektorning raqobatbardoshligini oshirish: Davlat korxonalarini isloh qilish va adolatli raqobat tizimini mustahkamlash ishlari davom ettiriladi. Bu xususiy biznesni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, innovatsiyalarni joriy etish va ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Oʻzaro bogʻlangan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish: Maʼlumotlarni xavfsiz transchegaraviy uzatish qoidalari takomillashtiriladi. Bu korxonalarga shaxsiy maʼlumotlarning tegishli darajada himoya qilinishini taʼminlagan holda raqamli texnologiyalar, bulutli xizmatlar va xalqaro raqamli platformalardan faolroq foydalanish imkonini beradi. 2028 yilga borib dastur doirasida yana 500 000 foydalanuvchi, jumladan, 250 000 nafar xotin-qizlar keng polosali internetdan foydalanish imkoniyati bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.

Zamonaviy va ishonchli energetika xizmatlari: Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini tartibga soluvchi qoidalar hamda institutlar takomillashtiriladi. Shu bilan birga, xususiy investitsiyalar uchun, jumladan, elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash sohalarida imkoniyatlar kengaytiriladi. 2028 yilgacha elektr energiyasi isteʼmolchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan.

Fermer xoʻjaliklarining barqarorligini oshirish: Fermer va chorvadorlarni qurgʻoqchilik, suv toshqinlari, keskin ob-havo hodisalari hamda qishloq xoʻjaligidagi boshqa xatarlardan yaxshiroq himoya qilish maqsadida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi kengaytiriladi. Dasturda 2028 yilga borib fermer va chorvadorlarning 35 foizini sugʻurta bilan qamrab olish koʻzda tutilgan.

Savdoni jadallashtirish va soddalashtirish: savdo tartib-taomillarini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, tashqi savdo uchun “yagona darcha” tizimini mustahkamlash va chegara tartib-taomillarini soddalashtirish nazarda tutilgan. Mazkur chora-tadbirlar korxonalarga xalqaro savdoni osonroq va kamroq xarajat bilan amalga oshirishga yordam beradi, shuningdek, Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga va mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoniga xizmat qiladi.

Yanada ekologik toza va energiya tejamkor rivojlanish: Binolarning energiya samaradorligi standartlari takomillashtiriladi. Shuningdek, korxonalarga atrof-muhit ifloslanishini va energiya sarfini kamaytirish imkonini beruvchi ekologik toza texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun ragʻbatlar taqdim etiladi. 2028 yilga borib dastur doirasida energiya samaradorligini oshirishga 10 million AQSh dollari miqdorida xususiy investitsiyalarni jalb etish va taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 3 000 MVtgacha yetkazish koʻzda tutilgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid