AQShda 1 mln dollar pul yutgan noqonuniy muhojir qamoqqa olindi
Salvadorlik Ariyel Antonio Velaskesa-Morales 2013 yilda Texas shtatidan AQSh chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan.

AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xodimlari Massachusets shtatida lotereyadan 1 million dollar yutib olgan noqonuniy muhojirni hibsga olishdi.
Fox News jurnalisti Bill Melugin bu haqda xabar berdi. Uning soʻzlariga koʻra, hibsga olingan Ariyel Antonio Velaskesa-Morales ICE qidiruv roʻyxatida boʻlgan va Salvadorda tugʻilgan. U 2013 yilda Texasda AQSh chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan hamda mamlakatdan deportatsiya qilingan edi.
18 noyabr kuni Massachusets lotereya tashkilotchilari gʻolibga 1 million dollarlik chekni topshirishdi va uch kundan keyin uning suratini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdi.
Koʻp oʻtmay, ICE xodimlari muhojirning uyiga yetib kelishdi. Salvadorlik erkak qochishga uringan, ammo huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uni ushlab, hibsga olishdi.
Massachusets qonunlariga koʻra, lotereyada ishtirok etish va yutuq olish uchun AQSh fuqarosi boʻlish shart emas — faqat 18 yoshga toʻlganini isbotlash kifoya.





