Andijon va Surxondaryodagi tezkor tadbirlarda narkosavdogarlar ushlandi
Afgʻoniston fuqarosi choponlar orasiga yashirilgan 6 kgdan oshiq "gashish"ni 15 ming dollarga sotayotgan boʻlgan.

Andijon va Surxondaryoda narkosavdogarlar qoʻlga olindi.
"Xavfsiz va sogʻlom yurt" tezkor-profilaktik tadbiri doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda Andijon viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Paxtaobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada ushbu manzildan jami 1 kg 157 gr "gashish" moddasi va 1946 dona "Regapen" kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida mazkur shaxsdan "Regapen" dori vositasini sotib olmoqchi boʻlgan 2001 yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro ham ushlanib, uning yonida boʻlgan 1,5 gr «gashish» moddasi va 2 dona «Regapen» dori vositasi protsessual tartibda hujjatlashtirildi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi giyohvandlik vositasi savdosiga chek qoʻyildi.
Jumladan, Termiz xalqaro savdo markazida oldindan kuzatuvga olingan 1986 yilda tugʻilgan Afgʻoniston fuqarosi sotish uchun moʻljallangan choponlar orasiga yashirgan holda mamlakatimizga kontrabanda qilingan 6 kg 342 gr "gashish" moddasini 15 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda qoʻlga olindi.
Hozirda xorij fuqarosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 6-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





