platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Maqola

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?

Oʻzbekiston–Qozogʻiston chegarasidagi eng gavjum oʻtish punktlaridan biri qariyb ikki yillik rekonstruksiyadan soʻng qayta ochildi. Yangi post nimani oʻzgartiradi, raqamlar nimani anglatadi va chegaradagi navbatlar haqiqatan tarixga aylanadimi?

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?
Foto: Platina.uz

2026 yil 25 noyabr kuni Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlat chegarasidagi “Gʻishtkoʻprik” va “Jibek joli” chegara bojxona postlarining yangi bino va inshootlari foydalanishga topshirildi. Marosimda Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov, Qozogʻiston Moliya vaziri Madi Takiyev, ikki mamlakat bojxona organlari rahbarlari, Toshkent va Turkiston viloyatlari hokimlari ishtirok etdi. Postlar shu kuni soat 16:00 dan aholi va transport vositalari uchun ochildi. Bu haqda Platina.uz muxbiri Shohjahon Majidov voqea joyidan xabar qildi.

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?
Foto: Platina.uz

Eski post nega torlik qila boshladi?

1991 yil 1 noyabrda tashkil etilgan “Gʻishtkoʻprik" qariyb 35 yil davomida mamlakatning Qozogʻiston bilan chegaradagi eng muhim oʻtkazish punktlaridan biri boʻlib keldi. Uning ahamiyati, avvalo, geografiyasida: bu Toshkentga eng yaqin chegara posti. Qozogʻistonlik sayyohlar, qarindoshlarini koʻrgani boruvchilar, kichik tadbirkorlar uchun eng qisqa yoʻl aynan shu yerdan oʻtadi.

Ammo yillar oʻtib, bu afzallik muammoga aylandi. 2024 yilning oʻzida post orqali 11,5 million fuqaro va 291 mingta yengil avtomobil oʻtgan. Bir yil avval bu koʻrsatkichlar 9,8 million va 244 ming edi. Demak, bir yilda fuqarolar oqimi qariyb 17 foizga, yengil avtomobillar harakati 19 foizga oshgan. Holbuki, 6 gektarlik eski post kuniga oʻrtacha 31 ming fuqaro, 750 ta yengil avtomobil va 70 ta avtobusga moʻljallangan edi.

Bojxona qoʻmitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshligʻi Farxod Olimjonovning soʻzlariga koʻra, turistik oqim oʻtgan yilga nisbatan oʻrtacha 25 foizga oshgan. Shu bois ikki tomon postni bir vaqtda, bir xil loyiha asosida rekonstruksiya qilishga kelishgan. Ishlar Prezidentning 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son Farmoni ijrosi doirasida 2025 yil fevralida boshlandi. Dastlab toʻrt oyga moʻljallangan yopilish oxir-oqibat qariyb ikki yilga choʻzildi. Bu davrda “Gʻishtkoʻprikka” kelgan yuklar “Navoiy” yuborildi.


Yangi post, yangi imkoniyatmi?

25 noyabr kuni Oʻzbekiston va Qozogʻiston rasmiylari ishtirokida foydalanishga topshirilgan post 9 gektarni tashkil qiladi. Fuqarolar uchun yoʻlak 4 tadan 8 taga, yengil avtomobillar uchun yoʻlaklar 4 tadan 18 taga, toʻxtash joylari 20 tadan 200 taga yetkazilgan. Kunlik oʻtkazish quvvati fuqarolar boʻyicha 31 mingdan 100 mingga, yengil avtomobillar boʻyicha 750 tadan 3 mingtaga, avtobuslar boʻyicha 70 tadan 400 taga oshdi.

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?
Foto: Platina.uz/Bojxona qoʻmitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshligʻi Farxod Olimjonov

Farxod Olimjonovga koʻra, bojxona posti rekonstruksiya qilinishidan oldin bir transport yoki odamning bu yerdan oʻtishiga oʻrtacha 30 daqiqa vaqt olgan, rekonstruksiyadan keyin esa 5-10 daqiqani tashkil qilmoqda.

“Birinchidan, yoʻlaklar mantigʻi oʻzgardi. Ilgari yoʻlaklar parallel joylashgani uchun bitta mashina chuqur koʻrikka olinsa, uning ortidagi butun qator navbatda turib qolardi. Endi asosiy yoʻlaklarda bojxona koʻrigi umuman oʻtkazilmaydi: shubhali transport vositasi alohida bokslarga yoʻnaltiriladi va u yerda yuk ochib koʻriladi, rentgen tasvirlari tahlil qilinadi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qozogʻiston postlari bir-biridan atigi 10 metr masofada koʻprik orqali tutashtirilib, 6 ta erkin oʻtish yoʻlagi tashkil etildi. Avtobuslar uchun ham alohida yoʻlak ajratildi. Ilgari ular yengil mashinalar bilan bir qatorda turardi. Endi bir vaqtning oʻzida 6 ta avtobusni rasmiylashtirish mumkin.

Ikkinchidan, tekshiruv chegaraga yetib kelishdan oldin boshlanadi. Ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, transport, bojxona va chegara idoralarining maʼlumotlar bazalari yagona xavfni boshqarish tizimiga birlashtirildi. Transport vositasi chegara hududiga kirgan paytdan boshlab kameralar orqali qayd etiladi. Tizim uning harakat tarixi va xavf darajasini tahlil qilib, inspektorning planshetida “yashil” yoki “qizil” belgini koʻrsatadi. Avtobus yoʻlovchilari haqidagi maʼlumot esa avtovokzalda xalqaro chipta sotilgan zahoti bojxonaga yuboriladi. Bu Transport vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tizim “Smart Customs Border” deb atalgan.

Uchinchidan, “bitta darcha” tamoyili. Postda chegara, bojxona, veterinariya va karantin kabi 5 ta xizmat ishlaydi. Ammo ularning barchasi bir axborot tizimidan foydalanadi va fuqaro faqat bir marta tekshiriladi.

Texnik jihozlar roʻyxati ham shu mantiqqa xizmat qiladi: 3 ta inspeksion koʻrik majmuasi, 10 ta rentgen apparati, 2 ta “Body Scanner”, 6 ta radiatsion portal monitori, 188 ta kuzatuv kamerasi. Kameralarning aksariyati Face ID texnologiyasida ishlaydi va vaziyatlar markaziga ulangan. Post hududida yoʻlovchilar ogʻzaki savol berib javob oladigan interaktiv panellar ham oʻrnatildi”, — dedi Faxod Olimjonov.

Mutasaddilar rentgen texnologiyasining amaliy ahamiyatini alohida taʼkidladi. Ilgari avtomobilda shubhali narsa boʻlsa, uni qismlarga ajratishga yoki xizmat iti bilan tekshirishga toʻgʻri kelgan. Bu jarayon haydovchi uchun ham, yoʻlovchilar uchun ham ortiqcha ovoragarchilik boʻlgan. Endi rentgen qurilmasi yashirilgan narsalarni avtomobilga tegmasdan aniqlaydi. Tasvirlar esa vaziyatlar markaziga va Bojxona qoʻmitasining tahlil markaziga uzatiladi. Natijada nazorat masofadan amalga oshadi va yoʻlovchi koʻpincha uning oʻtkazilganini sezmay ham qoladi. Shu maʼnoda yangi post bojxona tilida “intellektual post” deb atalmoqda.

Muhim jihati, ikki tomondagi sharoitlar birma-bir bir xil qilib yaratildi. “Agar faqat bir tomon tezlashsa, navbat shunchaki chegaraning narigi tarafiga koʻchib qolardi. Qozogʻiston tomoni ham kuniga 100 ming kishini qabul qila oladi. Ikki postni bogʻlovchi yoʻlovchilar galereyasi esa qor-yomgʻirda ham bino ichida harakatlanish imkonini beradi”, — deydi mutasaddilar.


Turizm va savdo: post nimaga xizmat qiladi?

Joriy yil boshidan buyon Oʻzbekistonga 11,6 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Qozogʻiston esa asosiy "yetkazib beruvchi" davlatlardan biri: yilning oʻtgan 10 oyida u yerdan 2,7 milliondan ortiq turist kelgan. Bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bir sayyohning mamlakatdagi oʻrtacha xarajati 250–300 dollar atrofida. Shunga koʻra, faqat qozogʻistonlik sayyohlar oqimi yuzlab million dollarlik valyuta tushumini anglatadi.

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?
Foto: Platina.uz

Savdo raqamlari ham shu yoʻnalishda. Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash 2021 yildagi 3,7 milliard dollardan 2025 yilda 4,6 milliard dollarga yetgan. 2026 yilning 10 oyida u qariyb 20 foizga oʻsib, 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Davlat rahbarlari bu hajmni 2030 yilga qadar 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qoʻygan. Buning uchun esa savdo hajmini besh yilda qariyb ikki barobardan koʻproq oshirish kerak boʻladi. Bunday surʼatni tezkor chegara infratuzilmasisiz tasavvur qilish qiyin.

Shu bilan birga, fuqarolar uchun oʻyin qoidalari oʻzgarmadi. Boj toʻlamasdan olib kirish meʼyorlari ikki davlatda ham avvalgidek: shaxsiy ehtiyoj uchun 300 AQSh dollarigacha boʻlgan tovarlar. Farhod Olimjonovning Platina.uzʼga maʼlum qilishicha, tijorat maqsadidagi, 40–50 kilogrammdan ortiq yuklar esa “Navoiy” posti orqali rasmiylashtiriladi. Bu Qozogʻiston tomoni bilan kelishilgan.

Post yopiq turgan ikki yil davomida yuk mashinalari uchun qurilgan “Navoiy” posti yengil avtomobillar va avtobuslarga band edi, yuk avtomobillarini oʻtkazish esa toʻxtatib qoʻyilgandi. Endi yengil oqim oʻz joyiga qaytgach, dekabrdan boshlab “Navoiy” posti yana yuk transporti uchun ishlaydi. Mutasaddilarning hisob-kitobicha, bu “Yallama”, “Sirdaryo” kabi postlardagi yukni kamaytirib, u yerda baʼzan kuzatilayotgan tirbandliklarning oldini oladi.

Yangi ochilgan “Gʻishtkoʻprik” post muammolarni hal qila oladimi?
Foto: Platina.uz

Boshqacha aytganda, yangi post faqat sayyohlar uchun qurilgan boʻlsa-da, uning samarasi butun chegara tizimiga taqsimlanadi. Yengil oqim, avtobuslar va yuk mashinalari har biri oʻz yoʻnalishiga ajratilmoqda.

Albatta Bojxona qoʻmitasi tomonidan aytilgan yoʻlovchi va avtomobillarning 5–10 daqiqalik oʻtish vaqti hozircha rejadagi koʻrsatkich. Uning amalda qanday ishlashi bayram va taʼtil mavsumlaridagi holat, minglab avtobus va avtomobillar bir vaqtda yetib kelganda koʻrinadi. Tranzit yuk oqimining oʻsishi esa bir postni yangilash bilan hal boʻladigan masala emas. Ammo hozirgi qadamning yoʻnalishi aniq: chegarada nazorat qattiqlashmoqda.

Bugun foydalanishga topshirilgan zamonaviy chegara posti shunchaki nazorat insonlarni yoki avtomobillarni bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oʻtkazadigan joy emas,“Gʻishtkoʻprik” Oʻzbekistonning dunyoga ochilgan yuzi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid