Tramp oʻzbek ayvonlari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi
U oʻz postini ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari, xususan, Truth Social’da yozib qoldirdi. AQSh prezidenti sovgʻani Amerika mustaqilligining 250 yilligi uchun munosib tortiq deb atadi.

Donald Tramp sovgʻa qilingan oʻzbek ayvonlari uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
U oʻz postini ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari, xususan, Truth Social’da yozib qoldirdi. AQSh prezidentiga koʻra, bu Amerika mustaqilligining 250 yilligi uchun munosib tortiq.
“Men Oʻzbekistonning yuksak hurmatga sazovor prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimiz mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan menga sovgʻa qilingan goʻzal oʻzbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Oʻtgan haftada ayvonlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston elchisi Furqat Sidiqov va ichki ishlar vaziri Dag Burgum ishtirok etdi. Marosim vaqtida Marine One vertolyotida hudud ustidan uchib oʻtish men uchun katta sharaf boʻldi. Ayvonlar esa ajoyib darajada chiroyli”, deb yozdi Tramp.
“Oʻzbekistonlik mohir ustalar bir necha oy davomida oilalaridan uzoqda boʻlib, vatanlarini tark etib, ogʻir ob-havo sharoitida 200 yillik togʻ yongʻogʻi daraxtlaridan ushbu ayvonlarni mahorat bilan qurishdi. Ular haqiqiy isteʼdod egalari!



Bu sovgʻani “shaxsiy” mulk sifatida saqlab qolish oʻrniga, ushbu goʻzal ayvonlarni jamoatchilikka taqdim etishga qaror qildim. Ular Tidal Basin hududining bevosita yonida, Jefferson yodgorligi va Vashington monumenti manzarasi koʻrinib turadigan joyda, bugun xavfsiz va goʻzal poytaxtimizda joylashadi”, deya yozadi Tramp.





