Toshkent viloyatida biofarmatsevtika va ilgʻor davolash usullariga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkaziladi
Anjuman dasturidan plenar va seksiyaviy maʼruzalar, shuningdek, poster taqdimotlari oʻrin olgan. Ishtirokchilar tadbirda bevosita (oflayn) yoki onlayn tarzda qatnashish imkoniyatiga ega.

Joriy yilning 4–5 dekabr kunlari Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti hamda Farmatsevtika texnik universiteti hamkorligida «Biofarmatsevtik ishlanmalar va ilgʻor davolash usullari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.
«Ilmiy kashfiyotdan innovatsion biofarmatsevtik mahsulotgacha» shiori ostida oʻtkaziladigan mazkur nufuzli anjumanda soha olimlari, tadqiqotchilar va farmatsevtika industriyasi vakillari oʻz ilmiy natijalarini taqdim etib, yangi ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish istiqbollarini muhokama qiladilar.
Konferensiya ishi quyidagi oltita asosiy yoʻnalishni qamrab oladi:
- Biofarmatsevtika, biotexnologiya va oʻzak hujayra texnologiyalari;
- Nanotibbiyot va dori vositalarini manzilli yetkazish;
- Dori vositalarini ishlab chiqish, GMP standartlari va texnologiyalar transferi;
- Molekulyar biologiya, omiks texnologiyalari va diagnostika;
- Tabiiy mahsulotlar va biologik faol birikmalar;
- Vaksinalar, immunologiya va zardob texnologiyalari.
Anjuman dasturidan plenar va seksiyaviy maʼruzalar, shuningdek, poster taqdimotlari oʻrin olgan. Ishtirokchilar tadbirda bevosita (oflayn) yoki onlayn tarzda qatnashish imkoniyatiga ega.
Tashkiliy qoʻmita maʼlumotiga koʻra, tezis, maqola va maʼruza takliflari 2026 yil 30 noyabrga qadar nationalbio@pharm.gov.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi. Saralab olingan ilmiy materiallar OAK roʻyxatiga kiritilgan «Pharmacy, Immunity and Vaccine» jurnalining maxsus sonida bepul chop etiladi.





