“Oʻzbekgidroenergo” AJ va Yevroosiyo taraqqiyot banki oʻrtasida strategik hamkorlik boʻyicha memorandum imzolandi
Tomonlar gidroenergetika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Muloqot davomida Pskem GES loyihasi, Chorbogʻ GESni modernizatsiya qilish, Yuqori Toʻpalang gidroenergetika zonasining salohiyatini oʻzlashtirish, GTESlarni qurish va JFK-5 GES loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

25 noyabr kuni “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi nufuzli mehmonlarni samimiy qutlab, Jamiyatning bugungi faoliyati, strategik rivojlanish ustuvorliklari, amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari hamda istiqbolli rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, 2025 yil yakunlariga koʻra, Jamiyat tarkibidagi GESlarning oʻrnatilgan quvvati 2 400 MVtni tashkil etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 1 maydagi PQ-163-son qaroriga muvofiq, 2032 yilga qadar mazkur koʻrsatkichni 5 538 MVtga yetkazish va umumiy qiymati qariyb 3,7 milliard AQSh dollariga teng investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu dastur yangi GESlar qurish, mavjud stansiyalarni modernizatsiya qilish hamda Markaziy Osiyoda ilk yirik GTESlarni barpo etishni qamrab oladi.

Shundan soʻng tomonlar gidroenergetika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Xususan, davlat kafolatlarisiz uzoq muddatli korporativ moliyalashtirish, oʻzaro bogʻliq loyihalarni yagona dastur asosida moliyalashtirish, gidroenergetika uskunalarini xarid qilish uchun savdo moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanish hamda texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun grant mablagʻlarini jalb etish masalalari hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Muloqot davomida Pskem GES loyihasi, Chorbogʻ GESni modernizatsiya qilish, Yuqori Toʻpalang gidroenergetika zonasining salohiyatini oʻzlashtirish, GTESlarni qurish va JFK-5 GES loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur loyihalar doirasida xorijiy davlatlarning ilgʻor sohaviy kompaniyalari bilan konsorsium shaklida tajriba almashish va eng optimal yoʻnalishlarda hamkorlik qilish borasidagi masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

YeOTB vakillari oʻz navbatida, 2031 yilga qadar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 3 milliard AQSh dollarigacha investitsiya yoʻnaltirish rejalashtirilganini taʼkidlab, “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, Bankning moliyaviy maslahatchi, anderrayter va investor sifatida ishtirok etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Yevroosiyo taraqqiyot banki oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat gidroenergetika sohasida uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ustuvor loyihalar portfelini shakllantirish, davlat kafolatlarisiz korporativ moliyalashtirish imkoniyatlarini ishlab chiqish hamda texnik koʻmak mablagʻlarini jalb etishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
Tomonlar memorandum doirasida amaliy hamkorlikni jadallashtirish, ustuvor loyihalarning moliyaviy shartlarini ishlab chiqish va aniq vazifalar hamda muddatlarni qamrab olgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni tayyorlash boʻyicha kelishib oldilar.





