Nemislarning 88 foizi amaldagi kansler faoliyatidan norozi ekani maʼlum boʻldi
Shu bilan birga, "Germaniya uchun muqobil" partiyasi (AfD) partiyalar reytingida 26% qoʻllab-quvvatlash bilan yetakchilikni saqlab qoldi.

Germaniya aholisining 88 foizi kansler Fridrix Mersning faoliyatidan norozi, bu avvalgi haftaga nisbatan 2 foiz punktga koʻp, deya xabar beradi Forsa RTL va NTV.
Respondentlarning faqat 11 foizi Mersga ijobiy baho berishdi.
Shu bilan birga, "Germaniya uchun muqobil" partiyasi (AfD) partiyalar reytingida 26% qoʻllab-quvvatlash bilan yetakchilikni saqlab qoldi.
CDU/CSU bloki 21% ovoz toʻpladi va 5 foiz punktga ortda qoldi. Boshqa partiyalarni qoʻllab-quvvatlash oʻzgarishsiz qoldi: "Yashillar" 16%, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (SPD) 13% va Chap qanot 11% ovoz oldi. Erkin Demokratik partiya (FDP) 4% ovoz oldi va respondentlarning yana 9 foizi boshqa siyosiy partiyalarni tanladi.
Shu bilan birga, nemislarning 57 foizi hech bir partiya mamlakat muammolarini hal qila olmaydi, deb hisoblashadi. Respondentlarning 12 foizi bu masalada AfDga, 10 foizi esa CDU/CSU blokiga ishonadi.
Shuningdek, CDU/CSU tarafdorlari orasida koʻpchilik (60%) kanslerning faoliyatini maʼqullamaydi.
13 oktabr kuni Mers xalqning sevimlisi boʻlishni istamasligini, chunki uning maqsadi Germaniyani yana oʻz yoʻliga qaytarish ekanligini aytgandi.
7 oktabr kuni Der Spiegel jurnali uchun oʻtkazilgan Ipsos soʻrovi shuni koʻrsatdiki, nemislarning 67 foizi Mersning kanslerlik lavozimini muvaffaqiyatsiz deb hisoblashadi. Respondentlardan Mers kansler va Xristian Demokratik Ittifoqi (CDU) rahbari lavozimidan ketishi kerakmi yoki yoʻqmi, deb alohida soʻraldi.
Respondentlarning qirq toʻrt foizi qatʼiy rozi boʻlgan, yana 14 foizi esa qisman rozi boʻlgan. Faqat 11 foizi Mersning isteʼfoga chiqishi kerakligiga ishonmagan.





