Gulnora Karimovaning yana 252 million dollari Oʻzbekistonga qaytariladi
Mablagʻlar “Ishonch — 2030” trast jamgʻarmasi orqali aholi farovonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston va Shveysariya oʻrtasida noqonuniy oʻzlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish boʻyicha bitim 24 noyabr kuni tasdiqlandi.
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Bitim doirasida 252,5 million dollar miqdoridagi mablagʻni Oʻzbekistonga qaytarish koʻzda tutilgan. Mablagʻlar “Ishonch — 2030” trast jamgʻarmasi orqali aholi farovonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.
Resurslarni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichi iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi Simone Giger hamda BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl tomonidan imzolangan.
Strategiyada ikkita asosiy ustuvor yoʻnalish belgilangan:
Sogʻliqni saqlash — bolalar va oʻsmirlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;
Taʼlim — yangi maktablar qurilishini qoʻllab-quvvatlash, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, oʻqituvchilar malakasini oshirish va sifatli taʼlimdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Bunda qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlari uchun sharoitlarni yaxshilashga ustuvor ahamiyat beriladi.
“Ishonch” jamgʻarmasi Oʻzbekiston va Shveysariya hukumatlari oʻrtasidagi Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan boʻlib, Shveysariyada musodara qilingan Gulnora Karimovaning noqonuniy aktivlarni Oʻzbekiston aholisi manfaatlari yoʻlida shaffof va hisobdorlik tamoyillari asosida sarflashni nazarda tutadi. Jamgʻarma mablagʻlari BMT agentliklari orqali sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.





