2017 yildan buyon 11 million nafar aholi kambagʻallikdan chiqarildi
Prezident huzurida tadbirkorlik va bandlik boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor koʻrsatkichlaridan sifat koʻrsatkichlariga oʻtiladi. Bunda tashkil etilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishi, yaratilgan ish oʻrinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining oʻsishi asosiy mezon boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholining iqtisodiy faolligini oshirish va tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlash borasida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, 2017 yildan buyon 11 million nafar aholi kambagʻallikdan chiqarildi.
Erishilgan natijalar odamlarni barqaror va yuqori daromad bilan taʼminlash, oʻrta sinf qatlamini yanada kengaytirish boʻyicha islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu bilan birga, bu borada hali ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.
Bugungi kunda mikro, kichik va oʻrta biznes iqtisodiyotda band aholining 75 foizini qamrab olgan boʻlsa-da, yalpi ichki mahsulotning 55 foizi ushbu sektor hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa korxonalarda mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish zarurligidan dalolat beradi.
Yirikroq toifaga oʻtayotgan mikrokorxonalar ulushi atigi 4 foizni tashkil etib, xalqaro mezonlardan qariyb 4 barobar past. Ajratilayotgan kreditlarning korxonalar oʻsishiga taʼsiri ham yetarli emas.
Axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sugʻurta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi atigi 8 foizni tashkil etmoqda.
Shu bois, taqdimotda tadbirkorlikni rivojlantirish va sifatli bandlikni taʼminlashning yaxlit institutsional tizimini shakllantirish, biznesni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy moliyaviy va nomoliyaviy mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Xususan, tadbirkorlarga biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va tashqi bozorlarga olib chiqishgacha boʻlgan barcha bosqichlarda kompleks xizmatlar koʻrsatiladi. Bu jarayonda korxonaning rivojlanish bosqichi va ehtiyojidan kelib chiqib, kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish hamda kapitalga investitsiya kiritish kabi instrumentlarni qoʻllash kengaytiriladi.
Shuningdek, tadbirkorlarni oʻqitish, ularga maslahat berish, biznesni boshqarish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, investorlar jalb qilish va eksport bozorlariga chiqishda koʻmaklashish nazarda tutilgan.
Taqdimotda tijorat kreditlashini ragʻbatlantirish, banklar va boshqa moliya tashkilotlari oʻrtasida raqobatni kuchaytirish, tadbirkorlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha Markaziy bankning takliflari ham koʻrib chiqildi.
Jumladan, kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish, banklar va moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari oʻrtasida xavfsiz maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlarga bir ariza orqali bir nechta bankning kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Moliyaviy nizolarni suddan tashqari hal etish va moliyaviy xatarlarni boshqarishning yangi mexanizmlari ham taklif etildi.
Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning respublikadan mahallagacha boʻlgan samarali vertikal tizimini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va oʻrta biznesga koʻmaklashish markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish taklif etildi.
Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor koʻrsatkichlaridan sifat koʻrsatkichlariga oʻtiladi. Bunda tashkil etilgan korxonalarning barqaror faoliyat yuritishi, yaratilgan ish oʻrinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining oʻsishi asosiy mezon boʻladi.
Aholi daromadlarini bevosita oshirishga qaratilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Jumladan, hududlarda umumiy qiymati 81 trillion soʻmlik mingta loyihani amalga oshirish orqali 320 mingta ish oʻrni yaratish, mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish rejalashtirilgan.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030 yilga qadar mikro, kichik va oʻrta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga oʻtish surʼatlarini ikki barobar oshirish, ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, oʻrta sinf ulushini 90 foizga yetkazish, norasmiy bandlikni yanada qisqartirish maqsad qilingan.
Tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarda kafolat va kafillik asosida berilgan kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17 foizdan 35 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shular bilan bir qatorda taqdimotda mehnat bozorida talab va taklifni muvofiqlashtirish, bandlik xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, rasmiy ish oʻrinlarini koʻpaytirishga ustuvor eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Mehnat munosabatlarini tartibga solish sohasida qonunchilikni takomillashtirish, ish beruvchi va xodimlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlarni shakllantirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda davlat mehnat nazoratini yaxshilash boʻyicha takliflarni kiritish topshirildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga tashabbuslarni yanada puxta ishlab chiqib, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichida vazirlik-idoralar vazifalari va oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash boʻyicha topshiriqlar berdi.





