Ziroat Mirziyoyeva Ammon shahridagi Jordan River Designs hunarmandchilik shourumiga tashrif buyurdi
Jordan River Foundation jamgʻarmasi huzurida faoliyat yurituvchi ushbu shourumda ijtimoiy himoyaga muhtoj hunarmand ayollar tayyorlagan qoʻl mehnati mahsulotlari namoyish etilgan. Dastur doirasida har yili 800 nafardan ortiq mahalliy hunarmand ayol ish bilan taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Iordaniyaga davlat tashrifi doirasida mamlakatimiz Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Iordaniya Qirolichasi Raniya al-Abdulloh bilan birgalikda Ammon shahridagi Jordan River Designs hunarmandchilik shourumiga tashrif buyurdi.
.jpg)
Jordan River Foundation jamgʻarmasi huzurida faoliyat yurituvchi ushbu shourumda ijtimoiy himoyaga muhtoj hunarmand ayollar tayyorlagan qoʻl mehnati mahsulotlari namoyish etilgan. Loyiha oʻzida milliy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash bilan birga ayollarning barqaror bandligini taʼminlash hamda ularning oilalari farovonligini oshirishni mujassam etadi.
Jordan River Designs dasturi doirasida har yili 800 nafardan ortiq mahalliy hunarmand ayol ish bilan taʼminlanadi. Ular Iordaniyaning boy madaniy merosini aks ettiruvchi anʼanaviy va zamonaviy mahsulotlar, shu jumladan, kashtachilik bilan bezatilgan interer buyumlari, gilamlar, moda aksessuarlari va esdalik sovgʻalarini tayyorlaydi.


Tashrif davomida Ziroat Mirziyoyeva bunday yondashuv kambagʻallikni qisqartirish va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, milliy hunarmandchilik anʼanalarini asrab-avaylash hamda mahorat sirlarini yosh avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.





