Xorijiy armiyalarga xizmatga kirish va yollash uchun jazoni kuchaytirish taklif etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xorijiy davlatlarning harbiy va kuch tuzilmalariga xizmatga kirish hamda fuqarolarni bunday xizmatga yollash uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi oʻqishlarda maʼqulladi.

Deputat Saydullo Azimovning aytishicha, 2025 yilda bunday jinoyatlar soni qariyb 12 barobarga oshgan. Loyihaga koʻra, xorijiy tuzilmalarga xizmatga kirganlar uch yildan besh yilgacha, fuqarolarni bunday xizmatga yollaganlar esa besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Jazo qanday oʻzgarishi mumkin?
Taklifga muvofiq, Oʻzbekiston fuqarosining xorijiy davlat harbiy kuchlari, xavfsizlik, politsiya yoki shunga oʻxshash tuzilmalarga xizmatga kirishi uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish belgilanishi mumkin. Amalda bu qilmish uchun jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.
Fuqarolarni xorijiy tuzilmalarda xizmat qilishga yollaganlik uchun besh yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilmoqda. Amaldagi qonunda bu qilmish uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi bor.
Qonun hali kuchga kirmagan
Loyiha 24 noyabr kuni Qonunchilik palatasida birinchi va ikkinchi oʻqishlarda maʼqullangan. U kuchga kirishi uchun Senat tomonidan maʼqullanishi va prezident imzolashi kerak.
Azimovning aytishicha, taklifdan maqsad faqat jazoni kuchaytirish emas, balki fuqarolarning xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etishining oldini olish va ularning xavfsizligini himoya qilishdir.

