Surxondaryoda ayolni ikkinchi xotinlikka taklif qilgan va shilqimlik qilgan hokim yordamchisi 5 sutkaga qamaldi
Hokim yordamchisi ayolga dastlab ishga joylashtirishni vaʼda qilgan, ammo bu amalga oshmagach ikkinchi xotin boʼlishini va Termizdan uy olib berishini aytgan.

Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanida ayolga ikkinchi xotin boʻlishni taklif qilib, Telegram orqali shilqimlik qilgan hokim yordamchisi 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda “Daryo” nashri xabar qildi.
Tumandagi mahallalardan birida hokim yordamchisi vazifasida ishlovchi A.R. 2026 yil iyul oyida G.G.ni mahallaga bank xodimi sifatida ishga olishini aytgan. Ayol uning soʻzlariga ishonib, bir oy davomida jamoatchilik asosida ishlagan. Biroq ishga qabul qilinmasligini bilgach, ketgan.
Shundan keyin hokim yordamchisi unga Telegram orqali ishqiy mazmundagi xabarlar yoza boshlagan. 21 sentabr kuni esa ikkinchi xotini boʻlishni taklif qilib, Termizdan uy olib berishini aytgan.
“Men seni xotinim qilaman deb oʻtiribman, sen ikkinchi boʻlasan”, deb yozgan erkak xabarlarida.
U G.G.ni mahallaga kechroq kelishga chaqirib, bu vaqtda odam kam boʻlishini aytgan. Shuningdek, shahvoniy mazmundagi boshqa xabarlar yuborgan. Keyin uni haqorat qilgan. G.G. ham unga javoban haqoratli xabar yozgan.
Oʻsha kuni A.R. kechqurun ayolning uyiga borib, xatlov oʻtkazilayotganini aytgan va farzandining tugʻilganlik guvohnomasidan nusxa olishini bildirgan. Ayol va uning onasi esa undan uylariga boshqa kelmaslikni soʻragan.
Sudda A.R. aybini tan olgan. U G.G.ni ishga joylashtirish uchun hujjatlarini taqdim etganini, biroq shtat berilmagani sababli bu masala hal boʻlmaganini bildirgan. Ayolning uyiga esa xatlov ishlari sababli borganini aytgan.
Sud A.R.ni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish) va 41-1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topgan. Unga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 34-moddasiga asosan uzil-kesil 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
G.G. esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi bilan aybli deb topilgan. Biroq kodeksning 21-moddasi asosida maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinib, ogohlantirilgan.





