platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Qamoqdagi mahkumga kamerasiz alohida xona berilgani aniqlandi

Koloniya boshligʻi oʻrinbosari mahkumga muassasa hududida erkin yashash va telefondan foydalanish uchun sharoit yaratib bergan. Sud uni 11 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Qamoqdagi mahkumga kamerasiz alohida xona berilgani aniqlandi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mahkum shu xonada yashab, telefon orqali onlayn-narkodoʻkonni boshqargan. Koloniya boshligʻi oʻrinbosari pora olish ayblovi boʻyicha oqlangan, ammo mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va giyohvandlik vositalarini oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarda aybli deb topilgan. Bu haqda Kun.uz sud hujjatlarini oʻrganib xabar qildi.

Mahkum alohida xonada yashagan

Sud hujjatiga koʻra, 40 yoshli Q.M. 2024 yil noyabrdan 2026 yil 10 martgacha koloniya boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlagan. U mahkum M.O.ga koloniya hududida Telegram orqali onlayn-narkodoʻkonni boshqarish uchun sharoit yaratib bergan.

M.O. reabilitatsiya markazida xodimlarga ajratilgan, videokuzatuv kamerasi boʻlmagan xonada yashagan. U 2025 yil 26 yanvardan boshlab shu xonada bir oʻzi turgan. Mahkum markazda foydali mehnatga jalb qilingani haqida buyruq rasmiylashtirilgan boʻlsa-da, sud hujjatida u amalda ishlamagani qayd etilgan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, M.O. koloniyaga yashirincha olib kirilgan telefondan foydalanib, internet-narkodoʻkon faoliyatini yuritgan. U Toshkentga olib kelingan giyohvandlik vositalarini Sergeli tumanidagi yashirin joylarga qoʻydirishni tashkil qilgan.

Sudlanuvchilar aybni tan olmadi

M.O. sudda alohida xona uning uchun maxsus tashkil etilmaganini aytgan. U telefonni muassasa hududiga olib kirganini tan olgan, ammo undan homilador turmush oʻrtogʻi bilan gaplashish uchun foydalanganini bildirgan. Onlayn-narkodoʻkon tashkil etganini rad etgan.

Q.M. ham ayblovga iqror boʻlmagan. U mahkumni xonaga joylashtirish va ishga tayinlash masalalarini hal qilmaganini, telefon haqida faqat tezkor tadbir kuni bilganini aytgan.

Sud Q.M.ning aybi guvoh koʻrsatmalari, telefon raqami va avtomobil harakatiga oid maʼlumotlar, yuzlashtirish bayonnomasi hamda boshqa dalillar bilan tasdiqlangan, deb topdi. U pora olish ayblovi boʻyicha oqlandi.

Q.M. uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va giyohvandlik vositalarini oʻtkazish bilan bogʻliq jinoyatlarda aybli deb topildi. Unga ichki ishlar vazirligi tizimida ishlash huquqidan uch yilga mahrum etgan holda 11 yillik qamoq jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtashi belgilandi.

Avvalroq ushbu ish boʻyicha guruh rahbari M.O. 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingani xabar qilingan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid