platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Siyosat

Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi

Shuningdek, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalarida bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolandi.

Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi “Al-Husayniya” saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara oʻtkazdilar.

Rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida oʻtgan uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar faollashgani, oʻzaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, sogʻliqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari koʻrsatib oʻtildi.

Imtiyozli savdo bitimini imzolash, oʻzaro savdo hajmini kelgusida 500 million dollarga yetkazish masalasiga alohida toʻxtalindi.

Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda tajriba almashish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish, qadimiy shaharlar oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati, “Aqaba jarayoni” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarishga qaror qildilar.

Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini toʻliq taʼminlash uchun keng qamrovli “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Ammon shahrida oʻtkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohi Abdulla II ibn Al-Husayn huzurida oʻzaro hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Xususan, Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma bayonot qabul qilindi hamda Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Ushbu davlatlararo hujjatlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Shuningdek, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalarida bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya, togʻ-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlikni rivojlantirish, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlarini nazorat qilish, sogʻliqni saqlash xizmatlari hamda chorvachilik yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent va Ammon shaharlari, shuningdek, Samarqand shahri va Petra turizm mintaqasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar almashildi.

Davlat tashrifi doirasida jami 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Ushbu muhim kelishuvlar Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid