Isroil armiyasida oʻz joniga qasd qilayotgan askarlar soni oshdi
2026 yil boshidan beri faol va zaxiradagi harbiy xizmatchilar orasida oʻz joniga qasd qilish bilan bogʻliq 40 ta holat qayd etilgan. Isroil armiyasi tarkibida suitsid holatlari soʻnggi 16 yildagi eng yuqori darajaga yetdi.

Joriy yil boshidan buyon Isroilda jami 23 nafar harbiy xizmatchi, shu bilan birga 17 nafar sobiq harbiy “qurollarni topshirganidan” koʻp oʻtmay oʻz joniga qasd qilgan. Bu haqda Isroilning “Haartez” nashri maʼlum qildi.
“Haaretz”ning yozishicha bu 2010 yildan beri qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Isroil armiyasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlarga koʻra, mazkur 17 holatning 10 tasi harbiy xizmat bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Yana bir holat yuzasidan tahlillar olib borilyapti.
Isroil Mudofaa vazirligining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, 2023 yil 7 oktabrdan buyon 73 nafar amaldagi harbiy xizmatchi oʻz joniga qasd qilgan.
Taqqoslash uchun, Isroil qurolli kuchlari Gʻazoga keng koʻlamli hujum boshlagan 2023 yildan avvalgi oʻn yillikda har yili oʻrtacha 12 ta suitsid holati qayd etilgan. Joriy yilda esa, hali dekabr ham kelmaganiga qaramay, ushbu koʻrsatkich qariyb ikki baravarga oshgan.
Biroq muammoning haqiqiy koʻlami bundan ancha katta boʻlishi mumkin. Boisi Isroil armiyasi tomonidan eʼlon qilingan rasmiy statistikada harbiy xizmatni yakunlaganidan keyin oʻz joniga qasd qilganlar hisobga olinmaydi.
279 nafar harbiy oʻz joniga qasd qilishga uringan
Isroil parlamentining Tadqiqot va axborot markazi 2025 yili armiyadagi suitsid holatlariga bagʻishlangan hisobotini eʼlon qilgan edi. Unga koʻra, 2024 yil yanvaridan 2025 yil iyuligacha 279 nafar harbiy xizmatchi oʻz hayotiga nuqta qoʻyishga urinib koʻrgan.
Hujjatda jangovar boʻlinmalarning harbiy xizmatchilari orasida suitsid holatlari ortgani va bu umumiy manzaraga sezilarli taʼsir oʻtkazganiga ham eʼtibor qaratilgan. Jumladan, 2017–2022 yillarda ushbu koʻrsatkich 42–45 foiz atrofida boʻlgan boʻlsa, 2024 yilda 78 foizga yetgan.
Haaretz nashri materialni tayyorlash jarayonida Hayfa universitetining Suitsid va ruhiy iztiroblarni oʻrganish markazi rahbari Yosi Levi-Belz bilan suhbatlashdi. Mutaxassisning aytishicha, Gʻazoga hujumlar isroillik harbiy xizmatchilarning ruhiyatiga misli koʻrilmagan darajada taʼsir oʻtkazgan.
“Bu urush unda ishtirok etgan harbiylarning ruhiy iztiroblari va holdan toyish darajasi nuqtai nazaridan misli koʻrilmagan hodisadir. Oʻz joniga qasd qilish koʻrsatkichlari borasida kelgusi yillar hal qiluvchi, ehtimol, hatto fojiali boʻlishi mumkin”, degan Levi-Belz.
U harbiy xizmatchilar, ayniqsa, zaxiradagilar yuqori xavf guruhiga kirishidan ogohlantirgan.
Nashr qoʻlga kiritgan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda oʻz joniga qasd qilgan harbiy xizmatchilarning aksariyati bundan avval ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolar boʻyicha mutaxassislarga murojaat qilmagan.
Isroil armiyasi muammoga qarshi kurashish maqsadida ruhiy salomatlik boʻyicha mutaxassislar sonini oshirgan. Shuningdek, harbiy xizmatni yakunlagan askar va zobitlarga psixologik yordam koʻrsatish masalasini oʻrganish uchun maxsus komissiya tuzilgan.
Cuitsid holatlarining koʻpayishi Isroil armiyasi bilan cheklanib qolmayapti. Joriy yilda mamlakatning besh nafar politsiya xodimi ham oʻz joniga qasd qilgan. Isroil Mudofaa vazirligining reabilitatsiya departamentida davolanayotgan shaxslar orasida esa oltita shunday holat qayd etilgan.

