Dushanbe taksichilari uchun har kunlik 100 somonilik toʻlov bekor qilinadi
Dushanbeda taksi haydovchilari ishga chiqmagan kunlari ham kompaniyalariga toʻlab kelgan 100 (taxminan 130 325 soʻmga teng) somonilik kunlik toʻlov bekor qilinadi. Bu qaror 23 noyabr kuni Tojikiston prezidenti huzuridagi raqamli islohotlarni amalga oshirish boʻyicha Davlat komissiyasi yigʻilishida qabul qilindi. Yigʻilishga poytaxt meri Rustami Emomali raislik qildi.

Komissiya yoʻlovchi tashishda taksi kvotalari tizimini ham bekor qilishga qaror qildi. 2027 yil 1 yanvardan tashish uchun ruxsatnoma olishning yangi tartibi joriy etiladi.
Poytaxt hokimligiga koʻra, oʻzgarishlar yoʻlovchi tashishni tartibga solish tizimini shaffof va qulay qilish, ortiqcha jarayonlarni qisqartirish, oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar faoliyatini qonuniylashtirish hamda xizmat sifatini oshirishga qaratilgan.
Toʻlovni qachondan bekor qilishlari va yangi shartlarda haydovchilar taksi kompaniyalariga qancha toʻlashi hozircha maʼlum qilinmagan. 2027 yil 1 yanvar sanasi yangi ruxsatnoma berish tartibi ishga tushishiga taalluqli.
Haydovchilar ruxsatnomani qanday oladi?
1 yanvardan ruxsatnoma olish uchun arizalar Yagona davlat davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi. Ungacha tegishli idoralar yangi tartibning huquqiy va tashkiliy asoslarini tayyorlashi, haydovchilarga ariza berish va ruxsatnoma olish tartibini tushuntirishi kerak. Ruxsatnoma berish shartlari hozircha eʼlon qilinmagan.
Yangi soddalashtirilgan tartibdan yoʻlovchilarni mustaqil tashiydigan oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar ham foydalanishi mumkin. Ular elektron shaklda ariza berib, ruxsatnoma olganidan soʻng qonuniy ishlay oladi, deyiladi hokimlik xabarida.
Oʻzgarishlar poytaxtdagi «10 somonilik taksi» haydovchilariga ham taalluqli boʻlishi mumkin. Avvalroq hukumat ularning faoliyatini noqonuniy deb atagandi. Noyabr oyi boshida shahar militsiyasi uch kun ichida zarur hujjatlarsiz yoʻlovchi tashishga oid 128 ta holatni aniqlaganini maʼlum qilgan.
100 somonilik toʻlov qanday joriy etilgan?
Avval Dushanbe shahrida jami 4,3 mingga yaqin avtomobili boʻlgan 12 ta taksi kompaniyasi faoliyat yuritgan. Haydovchilarning aytishicha, ilgari ular kompaniyalarga daromadining taxminan 10 foizini bergan.
2025 yilda «Ҷӯra» (Jura) ilovasiga oʻtilganidan keyin haydovchilardan har kuni qatʼiy 100 somoni toʻlov talab qilina boshlangan. Toʻlov tushumga bogʻliq boʻlmagan va haydovchilar kasal boʻlgan yoki ishga chiqmagan kunlari ham undirilgan.
Koʻplab haydovchilar avtomobil kreditlarini ham toʻlashda davom etgan. Ular bunday tizimni adolatsiz deb hisoblab, ayrimlari bu shartlar davom etsa, taksi bozorini tark etishi mumkinligini bildirgan.
2026 yil iyul oyida Rustami Emomali oʻrinbosari, Transport vazirligi va boshqa tegishli idoralarga kunlik toʻlovni bekor qilish masalasini ishlab chiqishni topshirgandi.
Oʻsha paytda transport vaziri Azim Ibrohim toʻlov haydovchi va taksi kompaniyasi oʻrtasidagi shartnoma bilan belgilanishini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, amaldagi qoidalar boʻyicha ilovadagi buyurtmalarni toʻrt marta rad etgan haydovchi vaqtincha tizimdan uzilgan va unga yangi buyurtmalar koʻrsatilmagan.
Vazirlik «Ҷӯra» ilovasining toʻliq ishga tushishi xizmat koʻrsatishdagi ayrim muammolarni hal qilishga yordam beradi, deb umid qilgan.
Shu bilan birga, yoʻlovchilar ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa ertalab va kechqurun taksi buyurtma qilish qiyinligidan shikoyat qilgan. Ularning aytishicha, bu vaqtlarda operatorlar boʻsh mashina yoʻqligini bildirgan, haydovchilar esa buyurtmalarni bekor qilgan.





