Toshkentda ilk bor yorugʻlik yordamida yoʻl yuzasida aks ettiriladigan piyodalar oʻtish joyi oʻrnatildi
Anʼanaviy “zebra”dan farqli ravishda, bunda yoʻl chiziqlari boʻyoq bilan chizilmaydi, balki yorugʻlik yordamida asfalt yuzasida aks ettiriladi.

Toshkent shahrining Qumariq koʻchasida ilk bor yorugʻlik yordamida yoʻl yuzasida aks ettiriladigan piyodalar oʻtish joyi oʻrnatildi. Bu haqda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, proyeksiyali piyodalar oʻtish joyi hozircha sinov tariqasida qoʻllanmoqda. Anʼanaviy “zebra”dan farqli ravishda, bunda yoʻl chiziqlari boʻyoq bilan chizilmaydi, balki yorugʻlik yordamida asfalt yuzasida aks ettiriladi.
Markaz maʼlumotiga koʻra, mazkur texnologiya piyodalar oʻtish joyining tungi vaqtda, yomgʻirli va tumanli ob-havoda ham koʻrinib turishini taʼminlashga qaratilgan.
Shuningdek, markazning taʼkidlashicha, yorugʻlik yordamida aks ettirilgan chiziqlar avtomobillar gʻildiragi taʼsirida oʻchib ketmaydi va qor yogʻganidan keyin ham koʻrinib turadi. Shu sababli yoʻl chiziqlarini qayta boʻyashga ehtiyoj qolmaydi.
Qayd etilishicha, proyeksiyali oʻtish joyi haydovchilarga piyodalar oʻtish joyini uzoqroq masofadan payqash va tezlikni oʻz vaqtida pasaytirish imkonini beradi. Bu esa piyodalar xavfsizligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Hozircha texnologiya sinov tariqasida qoʻllanmoqda. Agar u turli ob-havo sharoitlarida oʻzini oqlasa, bunday piyodalar oʻtish joylari Toshkentning boshqa tumanlarida ham joriy etilishi mumkin.





