Soliq qoʻmitasi keshbek boʻyicha foydalanuvchilarni jiddiy ogohlantirdi
Kiberfiribgarlar tomonidan boshqarilayotgan 50 ga yaqin yopiq va ochiq guruhlar, kanallar hamda botlar aniqlangan. Ular Soliq qoʻmitasi nomidan turli xildagi xabarlar va xavfli ilovalarni tarqatgan.

Telegram messenjerida Soliq qoʻmitasi nomidan tashkil etilgan va kiberfiribgarlar tomonidan boshqarilayotgan 50 ga yaqin yopiq va ochiq guruhlar, kanallar hamda botlar aniqlangan.
Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, firibgarlar ushbu resurslar orqali keshbek cheklarini sotishga urinish, pul evaziga ijara shartnomalarini rasmiylashtirishga undash, "keshbek orqali pul ishlab oling" referal aksiyalarini oʻtkazish bilan shugʻullanib kelmoqda.
Bundan tashqari, Soliq qoʻmitasi nomidan turli xildagi xabarlar va xavfli ilovalarni tarqatish kabi harakatlar amalga oshirilgan.
jumladan, quyidagi resurslar aniqlangan:
soliquz_chek_keshbek;
SoliqUz_keshbeklar;
Soliqmobilxizmati;
SoliqUzbDavlat_bot;
keshbek_soliqbot.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qoʻmita kiberxavfsizlik xizmati messenjerning texnik qoʻllab-quvvatlash xizmatiga rasmiy murojaat yuborgan.
Soliq qoʻmitasi norasmiy kanallarga kirmaslik, ularga obuna boʻlmaslik va ularni boshqalarga tarqatmaslikka chaqirgan.





