Mirzaobod va Nishon tumanlariga hokimlar tayinlandi
Begmurod Akbarov Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani hokimi lavozimini egalladi.

Begmurod Miryakubovich Akbarov Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi.
Begmurod Akbarov 1984 yilda tugʻilgan, 2005 yilda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutini, 2015 yilda Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-texnolog, davlat va jamiyat boshqaruvi.
U shu kunga qadar Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligining Sirdaryo viloyati boʻyicha loyiha ofisi rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Gʻayratjon Sultonovich Hamroyev Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Gʻayratjon Hamroyev 1985 yil Kasbi tumanida tugʻilgan, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti va Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.
Faoliyati davomida u Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi vazifalarida ham ishlagan.





