Korrupsiya boʻyicha sudlanganlarga qator cheklovlar joriy etilishi mumkin
Ular orasida davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish, saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining koʻrsatilishi kabilar bor.

“Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestri toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Prezident tomonidan 2026 yil 22 iyunda imzolangan qonunda Oʻzbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritilishi belgilangandi. Ushbu nizom loyihasi qonun ijrosini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish tartibini belgilash maqsadida ishlab chiqildi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarga Jinoyat kodeksi maxsus qismining 8-boʻlimida korrupsiyaga oid jinoyatlar sifatida belgilangan qilmishlar kiradi.
Nizomga koʻra, shaxsni korrupsiyaga oid jinoyat(lar) sodir etganlikda aybdor deb topish toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi (ajrimi) uni elektron reyestrga kiritish uchun asos hisoblanadi.
Korrupsiyaga oid jinoyat(lar)ni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan sudning ayblov hukmi (ajrimi) qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran 3 ish kuni ichida elektron reyestrga kiritiladi.
Elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan IIV bilan hamkorlikda dasturiy kompleksda yuritiladi. Elektron reyestrda korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi cheklovlar qoʻllaniladi:
davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlari bilan taqdirlanish;
saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodining koʻrsatilishi;
davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning aʼzosi boʻlish;
oʻzi taʼsis etgan va ustav fondidagi ulushining 50 foizidan koʻproq qismiga oʻzi egalik qiladigan tadbirkorlarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda ishtirokchi sifatida qatnashish;
davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlarda va davlat taʼlim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish.
Cheklov qoʻllangani, uning sababi va huquqiy asosi sohaviy axborot tizimida avtomatik ravishda qayd etiladi. Shaxs elektron reyestrga kiritilganidan keyin unga nisbatan qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya qilinmayotgani aniqlanganda, masʼul xodim bu haqda tasdiqlovchi maʼlumotlarni ilova qilgan holda vakolatli subʼektga darhol xabar beradi.
Vakolatli subʼekt taqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqib, tegishli cheklov tatbiq etilishi tasdiqlanganda, qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibda cheklovning xususiyatidan kelib chiqib, shaxsning cheklovga zid faoliyatini yoki ishtirokini bartaraf etish choralarini koʻradi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs haqida elektron reyestrdan maʼlumot olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
sohaviy axborot tizimlarida – qonunchilikda belgilangan cheklovlarni avtomatik ravishda qoʻllashni taʼminlash maqsadida shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar idoralararo elektron axborot almashinuvi orqali;
davlat organlari va tashkilotlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining, bunday tuzilmalar mavjud boʻlmaganda esa tegishli tarkibiy boʻlinmalarning masʼul xodimlari tomonidan – oʻz xizmat vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan cheklovlarni qoʻllash va ularga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar dasturiy kompleks orqali;
jismoniy shaxs yoki uning vakili tomonidan – mazkur jismoniy shaxsning elektron reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, shuningdek soʻrovga koʻra elektron reyestrda unga oid maʼlumotlardan koʻchirma Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali.
Ushbu qaror loyihasi muhokamasi 8 dekabrga qadar davom etadi.





