Issiqxonalar uchun ekologik ekspertiza 38 mln soʻmga oshdimi?
Tarqalgan xabarlarda issiqxonadagi qozonlarga sertifikat berish va buning uchun toʻlanadigan toʻlovlar ham ekologik ekspertizaga kiritiladi, deya yanglish fikr bildirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda issiqxona xoʻjaliklari uchun davlat ekologik ekspertizasi toʻlovi "9 mln soʻmdan 38 mln soʻmgacha oshirilganligi" haqida video tarqaldi. Ekologiya qoʻmitasi bu xabarga izoh berdi.
Taʼkidlash joizki, video tadbirkorlar bilan ochiq muloqotdan kesib olingan boʻlib, unda Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassisi Ahror Yoʻldoshev tomonidan ekologik ekspertiza toʻlovi borasidagi savolga aniq javob berilgan.
Yaʼni Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 11 maydagi 234-son qaroriga koʻra, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning III toifasiga kiruvchi tabiiy gaz, koʻmir va boshqa turdagi yoqilgʻida ishlaydigan isitish tizimlariga ega issiqxona xoʻjaliklarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazganlik uchun BHMning 6,5 baravari, yaʼni bugungi kunda 2 mln 860 ming soʻm miqdorida toʻlov amalga oshiriladi.
Videoda issiqxonadagi qozonlarga sertifikat berish va buning uchun toʻlanadigan toʻlovlar ham ekologik ekspertizaga kiritiladi, deya yanglish fikr bildirilgan.
Vaholanki, issiqxona qozonlariga sertifikat berish, shuningdek, laboratoriya tadqiqotlari, instrumental oʻlchovlar, atrof-muhitga taʼsirni baholash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish xizmatlari davlat ekologik ekspertizasi vakolatiga kirmaydi.
Xulosa qilib aytganda, issiqxona xoʻjaliklarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazganlik uchun 38 mln soʻm emas, 2 mln 860 ming soʻm miqdorida toʻlov amalga oshiriladi.





