Meksikada eng ashaddiy jinoyatchilardan biri Fausto Flores qoʻlga olindi
Amerika rasmiylari uni hibsga olish boʻyicha maʼlumot uchun 5 million dollar mukofot vaʼda qilishgandi.

El País gazetasining xabar berishicha, "El Chapo Isidro" nomi bilan tanilgan narkobaron Fausto Isidro Mesa Flores Meksikada hibsga olindi.
Operatsiya 20 noyabr kuni Sinaloa shtatining Guasave shahrida boʻlib oʻtdi. Hibsga olish qurolli toʻqnashuvlar bilan birga boʻldi. Aytilishicha, 10 dan oshiq kishi halok boʻlgan.
Xabarda aytilishicha, shaharda otishmalar boʻlib oʻtdi, mashinalar yoqib yuborildi va yoʻllar toʻsib qoʻyildi.
Operatsiyada harbiy vertolyotlar ishlatilgan. Federal xavfsizlik kuchlari va Sinaloa giyohvand kartelining gumon qilingan aʼzolari oʻrtasida toʻqnashuvlar boʻlib oʻtdi.
Otishma tufayli Algodoneros de Guasave va Venados de Mazatlan jamoalari oʻrtasidagi beysbol oʻyini toʻxtatildi. Shtat rasmiylari federal xavfsizlik kuchlariga qilingan hujumni tasdiqladilar va aholini xavfsiz joylarda boshpana izlashga chaqirdilar.
FQB Mesa Floresni Qoʻshma Shtatlarga giyohvand moddalar savdosini tashkil qilganlikda gumon qilmoqda. Amerika rasmiylari uni hibsga olish boʻyicha maʼlumot uchun 5 million dollar mukofot vaʼda qilishgandi.





