Janubiy Koreya taʼlim vaziri koʻchirmakashlik mojarosi fonida isteʼfoga chiqdi
Kirish imtihonida (CSAT) sunʼiy intellektdan foydalanishning oldini olishga qaratilgan yangi qoidalar soʻnggi daqiqada eʼlon qilingani sababli imtihon topshiruvchilar va oʻqituvchilar orasida tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon kirish imtihonlari qoidalari atrofidagi bahs-munozaralar fonida taʼlim vaziri Choy Kyo-Jinning isteʼfosini qabul qildi.
Bu haqda prezident maʼmuriyatiga tayanib Yonhap axborot agentligi xabar berdi.
Kirish imtihonida (CSAT) sunʼiy intellektdan foydalanishning oldini olishga qaratilgan yangi qoidalar soʻnggi daqiqada eʼlon qilingani sababli imtihon topshiruvchilar va oʻqituvchilar orasida tushunmovchiliklar kelib chiqqan.
Nashrning yozishicha, yangi choralar 19 noyabr kuni boʻlib oʻtgan imtihon arafasida joriy etilgan. Unga koʻra, imtihon xonalariga faqat qalam olib kirishga ruxsat berilgan, miniatyura kameralarni yashirish ehtimolini bartaraf etish maqsadida esa kiyim tugmalari stikerlar bilan yopib chiqilgan.
Bundan tashqari, imtihon vaqtida telefonlarini topshirmaganlarni aniqlash uchun mamlakat boʻylab mobil qurilmalarga uch marotaba favqulodda ogohlantirish xabari yuborilgan.
Choy oʻz bayonotida oldindan yetarli tayyorgarlik koʻrilmagani borasidagi tanqidlarni tan oldi. Prezident uning isteʼfosini bayonot eʼlon qilinganidan taxminan bir soat oʻtib qabul qildi. Taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, imtihon davomida elektron qurilmalardan foydalanish bilan bogʻliq 111 ta shubhali holat aniqlangan.
Abituriyentlar va oʻqituvchilar soʻnggi daqiqada kiritilgan oʻzgarishlar shundoq ham masʼuliyatli imtihon oldidagi hayajon va xavotirni yanada kuchaytirganidan norozi boʻlishdi.
Choy imtihondan avval parlamentda aytgan gaplari uchun ham tanqid ostida qolgan edi. Deputatlardan biri sunʼiy intellektdan foydalanish holatlarini 100 foiz aniqlay olishiga ishonchi komilligini soʻraganida, 72 yoshli vazir: "Yoshim tufayli buning uddasidan chiqa olmasam kerak", — deya javob bergan.
Qoidalarning keskin oʻzgartirilishi imtihonlarda sunʼiy intellektdan foydalanish bilan bogʻliq xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytga toʻgʻri keldi. Joriy yilda Sertifikatlangan soliq buxgalteri imtihonida eng yuqori ball toʻplagan talaba miniatyura kamera, smartfon va generativ sunʼiy intellektdan foydalanganini tan olgan edi. Yuridik fakultetiga kirish imtihonida (LEET) eng yuqori ball olgan yana bir nomzod esa firibgarlikda gumon qilinmoqda. U oʻz bilim va qobiliyatini namoyish etishga vaʼda bergan jonli efirga chiqmaganidan bir kun oʻtib — 19 noyabr kuni Seul sharqidagi motelda hushsiz holda topilgan va keyinroq vafot etgan.
Politsiya sud-tibbiy ekspertizasi (autopsiya) natijalariga tayanib, hodisada jinoyat alomatlari aniqlanmaganini maʼlum qildi.





