Xalqaro qidiruvda boʻlgan davlat tashkiloti xodimasi qoʻlga olindi
U Xorazm viloyatidagi Bandlikka koʻmaklashish markazida mutasaddi lavozimda ishlagan va davlat mablagʻlarini oʻzlashtirish hamda rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish bilan shugʻullanganlikda ayblanmoqda.

Oʻzbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida xalqaro qidiruvda boʻlgan ayol qoʻlga olindi va Oʻzbekistonga qaytarildi.
Bu haqda Istanbuldagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Y.G. Xorazm viloyatidagi Bandlikka koʻmaklashish markazida mutasaddi lavozimda ishlagan davrida mansab vakolatlaridan foydalanib, davlat mablagʻlarini oʻzlashtirish hamda rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish bilan shugʻullanganlikda ayblanmoqda.
U Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) boʻyicha qidiruvga berilgandi.
Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.





