Taʼlim tizimida yangi alifboga oʻtish 2027 yildan boshlanishi kutilmoqda
Vazirlar Mahkamasining "Oʻzbek alifbosiga kiritilgan oʻzgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Bank mobil ilovalari, bankomatlar, toʻlov terminallari, soliq va bojxona axborot tizimlari hamda elektron savdo platformalari interfeyslari ham yangi alifboga moslashtiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan 21 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining "Oʻzbek alifbosiga kiritilgan oʻzgartirishlarni jamiyat hayotining barcha sohalariga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Jamoatchilik muhokamasi 6 dekabrga qadar davom etadi.
Hujjat davlat organlari, taʼlim muassasalari, ommaviy axborot vositalari, biznes subʼektlari va raqamli xizmatlarni yangilangan lotin alifbosiga bosqichma-bosqich oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Qaror loyihasiga koʻra, qonun kuchga kirganidan keyin ID-kartalar, xorijga chiqish pasportlari, haydovchilik guvohnomalari, avtomobillarning texnik pasportlari va kadastr hujjatlari yangi alifboda rasmiylashtiriladi.
Biroq avval berilgan hujjatlar oʻz yuridik kuchini saqlab qoladi. Demak, fuqarolar amaldagi pasport, guvohnoma va mulkiy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlarini faqat alifbo oʻzgargani sababli almashtirishi shart emas.
Davlat organlariga ism, familiya yoki otasining ismi yozilishidagi farqlar tufayli fuqarolarga xizmat koʻrsatishni, hujjatlarni qabul qilishni yoki shaxsini tasdiqlashni rad etish taqiqlanishi ham nazarda tutilgan.
Avval tayyorlangan hujjat blankalaridan 2028 yil 1 yanvarga qadar foydalanishga ruxsat beriladi. Milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarni esa qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Loyihaga koʻra, taʼlim tizimida yangi alifboga oʻtish 2027–2031 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu davrda 1–11-sinflar uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualar yangi imlo qoidalariga moslashtiriladi.
Birinchi oʻzgarishlar 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab birinchi sinf darsliklarida joriy etilishi kutilmoqda. Qolgan sinflar uchun darsliklar esa belgilangan qayta nashr etish muddatlariga muvofiq yangilanadi.
Qaror loyihasida qonun kuchga kirganidan keyin oʻzbek tilidagi OAV materiallari va bosma mahsulotlarni yangilangan alifboda chop etish nazarda tutilgan.
Bu talab gazeta, jurnal, telekanal va internet nashrlariga ham taalluqli. Tahririyatlar texnik vositalarni tayyorlashi va xodimlarni yangi imlo qoidalariga oʻqitishi kerak boʻladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga Ö, Ğ, Ş va Ç harflarini qulay kiritish imkonini beruvchi oʻzbek klaviaturasining yagona standartini ishlab chiqish topshirilishi rejalashtirilgan.





