Nega oltin ham, bitkoin ham arzonlashmoqda?
Odatda dunyoda iqtisodiy yoki siyosiy vaziyat yomonlashsa, odamlar oltin sotib olishga harakat qiladi. Chunki oltin asrlar davomida boylikni saqlashning ishonchli vositasi boʻlib kelgan. Oltin narxining pasayishi Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega.

Soʻnggi kunlarda jahon moliya bozorlarida qiziq bir holat kuzatilyapti. Oltin ham, bitkoin ham bir vaqtning oʻzida arzonlasha boshladi. 20 noyabr kuni bitkoin narxi hatto 60 ming dollardan ham pastga tushgan. Oltinning bir troy unsiyasi (31,1 gramm) esa 3 520 dollar atrofida baholangan.
Tabiiy savol tugʻiladi: nega bunday boʻlmoqda? Axir, oltin azaldan pulni qadrsizlanishdan saqlash vositasi hisoblanadiku! Bitkoinni esa koʻpchilik XXI asrning "raqamli oltini" deb ataydi. Nega endi har ikkisining ham narxi tushib ketyapti? Bu vaqtinchalik holatmi yoki katta iqtisodiy muammolarning boshlanishimi? Bu savollarga javob berish uchun jahon iqtisodiyotida kechayotgan ayrim jarayonlarga eʼtibor qaratish kerak boʻladi.
Hamma gap pulning qiymatida
Avvalo, shuni tushunib olish kerakki, dunyodagi pul mablagʻlari doimo daromad olish mumkin boʻlgan joyga qarab harakatlanadi. Investor uchun oltin, bitkoin, aksiya, koʻchmas mulk yoki bank omonati — oʻz mablagʻini saqlash va koʻpaytirish vositasidir. U koʻproq daromad olish va kamroq xavfga duch kelish imkoniyati bor joyga sarmoya tikadi. Bugungi vaziyatda AQShdagi yuqori foiz stavkalari muhim rol oʻynayapti. Amerikada inflyatsiya, yaʼni narx-navoning oʻsishi bilan bogʻliq muammolar hali toʻliq bartaraf etilmagan. Shuning uchun AQSh markaziy banki — Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishga shoshilmayapti.
Buni oddiy misol bilan tushuntiraylik. Aytaylik, bir kishining 100 ming dollar mablagʻi bor. U bu pulga oltin yoki bitkoin sotib olishi mumkin. Lekin ularning narxi ertaga qancha boʻlishini hech kim aniq bilmaydi. Bunday mavhum sharoitda u mablagʻini yillik 4–5 foiz daromad keltiradigan ishonchli davlat obligatsiyalariga yoʻnaltirsa, belgilangan shartlar asosida barqaror daromad olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunday sharoitda koʻplab investorlar tavakkal qilishdan koʻra nisbatan ishonchli daromad olishni afzal koʻradi. Natijada oltin va bitkoin sotib yuborilib, mablagʻlar boshqa moliyaviy vositalarga yoʻnaltiriladi. Sotuvchilar koʻpaygach, (taklif koʻpayib – talab pasayib) narxlar pasaya boshlaydi.
Dollar kuchaysa, nega oltin arzonlashadi?
Jahon iqtisodiyotida AQSh dollarining oʻrni juda katta. Neft, gaz, oltin, mis, bugʻdoy va boshqa koʻplab mahsulotlar xalqaro bozorlarda asosan dollarda baholanadi. Dollar boshqa valyutalarga nisbatan qimmatlashsa, odatda oltin narxiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Masalan, dollar qimmatlashganda Xitoy, Hindiston, Yaponiya yoki Yevropa mamlakatlaridagi xaridorlar bir xil miqdordagi oltinni sotib olish uchun oʻz milliy valyutasida koʻproq mablagʻ sarflashiga toʻgʻri keladi. Bu esa oltinga boʻlgan talabni kamaytirishi mumkin. Talab kamaysa, tabiiyki, narxga ham taʼsir qiladi.
Bitkoin bozorida ham shunga oʻxshash jarayon kuzatiladi. Dollar mustahkamlanganda va dollarda daromad olish imkoniyatlari yaxshilanganda investorlarning bir qismi kriptovalyutalarini sotishga harakat qiladi. Boshqacha aytganda, hozir jahon moliya bozorlarida pulning bir joydan boshqa joyga koʻchishi sodir boʻlmoqda.
Nega odamlar oltinni ham sotmoqda?
Odatda dunyoda iqtisodiy yoki siyosiy vaziyat yomonlashsa, odamlar oltin sotib olishga harakat qiladi. Chunki oltin asrlar davomida boylikni saqlashning ishonchli vositasi boʻlib kelgan. Ammo baʼzan shunday vaziyat yuzaga keladiki, odamlarga oltindan ham koʻra naqd pul zarur boʻlib qoladi.
Tasavvur qiling, bir tadbirkorning oltini, koʻchmas mulki va kompaniyalar aksiyalari bor. Biroq uning bankdan olgan qarzini toʻlash muddati keldi. U qarzini oltin bilan emas, pul bilan toʻlashi kerak. Shuning uchun oʻz oltinini, hatto arzon narxda boʻlsa ham, sotishga majbur boʻlishi mumkin.
Yirik investitsiya kompaniyalarida ham shunga oʻxshash holat yuz bermoqda. Aksiyalar arzonlashishi natijasida zarar koʻrgan investorlarning ayrimlari moliyaviy majburiyatlarini bajarish uchun oltinlarini ham sotuvga chiqarmoqda.
Reuters agentligi maʼlumotlariga koʻra, 20 noyabr kuni oltinning haftalik yoʻqotishlari 9 foizdan oshgan. Shuning uchun oltinning arzonlashishini odamlar unga boʻlgan ishonchini yoʻqotgani bilan izohlash toʻgʻri emas. Ayrim hollarda bu shunchaki pulga boʻlgan ehtiyojning ortishi natijasidir.
Sunʼiy intellekt ham moliya bozorlariga taʼsir koʻrsatyapti
Soʻnggi yillarda dunyoda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun juda katta mablagʻ sarflandi. Yirik kompaniyalar yangi kompyuterlar, mikrochiplar va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini qurishga milliardlab dollar yoʻnaltirdi. Natijada koʻplab texnologik kompaniyalarning aksiyalari keskin qimmatlashdi.
Endi esa investorlarda tabiiy savol paydo boʻlmoqda: shuncha sarflangan mablagʻ qachon va qanday qilib oʻzini oqlaydi? Bu kompaniyalarning haqiqiy daromadi ularning bozordagi qiymatiga mos keladimi? Ana shu shubhalar tufayli ayrim investorlar texnologik kompaniyalarning aksiyalarini sotishni boshladi.
Muammo shundaki, bugungi kunda jahon moliya bozorlari bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Yirik investor bir vaqtning oʻzida aksiyalarga, oltinga va kriptovalyutalarga mablagʻ kiritgan boʻlishi mumkin. U bir bozorda zarar koʻrsa, boshqa bozordagi aktivlarini sotishga majbur boʻladi. Shu tariqa texnologiya sohasida boshlangan muammo oltin va bitkoin bozorlariga ham tarqalishi mumkin.
Nega bitkoin oltinga nisbatan tezroq arzonlashmoqda?
Bitkoin bilan oltin oʻrtasida katta farq bor. Oltin insoniyat tarixida ming yillar davomida oʻz qiymatini saqlab kelgan. U zargarlik, sanoat, tibbiyot va elektronika sohalarida ishlatiladi. Dunyo mamlakatlarining markaziy banklari ham oʻz zaxiralarining bir qismini oltin shaklida saqlaydi. Bitkoin esa nisbatan yangi raqamli aktiv. Uning narxi koʻp jihatdan odamlarning unga boʻlgan ishonchi va talabiga bogʻliq. Bitkoin tarafdorlari uning umumiy miqdori 21 million dona bilan cheklanganini asos qilib, kelajakda u yanada qimmatlashishini taʼkidlaydi. Lekin iqtisodiyotda mahsulotning kamyobligi uning narxi doimo oshib borishini anglatmaydi. Kamyob mahsulotga talab boʻlmasa, uning narxi ham pasayadi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mutaxassislarining tadqiqotlari ham AQShda foiz stavkalarining oshishi kriptovalyutalar narxiga salbiy taʼsir koʻrsatishini tasdiqlaydi. Bitkoin bozorida bugun aynan shunday muammo kuzatilmoqda: sotishni xohlayotganlar koʻpaymoqda, xaridorlar esa shoshilmayapti.
Nega yirik investorlar bitkoindan pullarini olib chiqa boshladi?
Ilgari bitkoin bilan asosan xususiy shaxslar qiziqqan boʻlsa, keyingi yillarda yirik moliya kompaniyalari va investitsiya fondlari ham ushbu bozorga kirib keldi. Ularning milliardlab dollar mablagʻ kiritishi bitkoinning qimmatlashishiga yordam berdi. Ammo buning ikkinchi tomoni ham bor. Agar yirik investorlar mablagʻlarini qaytarib olishni boshlasa, narxlar tez pasayishi mumkin.
Birgina 2026 yilning 19 noyabr kuni AQShdagi bitkoinga ixtisoslashgan birja investitsiya fondlaridan 582 million dollardan ortiq mablagʻ chiqib ketgan. Noyabr oyining dastlabki 19 kunida esa bu koʻrsatkich qariyb 3,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, ayrim odamlar qarz olib, bitkoin sotib oladi. Narx tushganda ular qarzlarini qaytarish uchun bitkoinlarini sotishga majbur boʻladi. Natijada narxning pasayishi yangi sotuvlarga, yangi sotuvlar esa narxning yanada tushishiga sabab boʻladi.
Oltin oʻz ahamiyatini yoʻqotyaptimi?
Hozircha “oltin oʻz qadrini yoʻqotyapti”, deya xulosa chiqarishga erta. Jahon oltin kengashi maʼlumotlariga koʻra, 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida dunyo markaziy banklari va boshqa rasmiy moliya muassasalari sof hisobda 675 tonna oltin sotib olgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 6 foiz koʻpdir.
Xoʻsh, nega davlatlar oltin sotib olishda davom etyapti? Chunki dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar, iqtisodiy sanksiyalar, savdo urushlari va davlat qarzlari bilan bogʻliq muammolar saqlanib qolmoqda. Koʻplab mamlakatlar oʻz boyliklarini faqat dollarda yoki boshqa xorijiy valyutada saqlashni istamayapti. Ular zaxiralarining muayyan qismini oltin shaklida saqlashni maʼqul koʻrmoqda. Shuning uchun oltinning bugungi arzonlashishi uning kelajakdagi ahamiyati pasayishini anglatmaydi. Oltin bozoridagi qisqa muddatli oʻzgarishlar bilan uning uzoq muddatli iqtisodiy ahamiyatini bir-biridan farqlash kerak.
Bu holat Oʻzbekistonga qanday taʼsir qiladi?
Oltin narxining pasayishi Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimiz xalqaro zaxiralarining 90 foizdan ortigʻini ushbu qimmatbaho metall tashkil etadi.
Maʼlumot uchun, 2019 yilda Oʻzbekiston 4,9 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2021 va 2022 yillarda qariyb 4,1 mlrd dollardan, 2023 yilda 8,1 mlrd dollarlik, 2024 yilda qariyb 7,5 mlrd dollarlik, 2025 yilda esa rekord darajada — 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan.
Biroq 2026 yilning dastlabki toʻqqiz oyida oltin eksporti 2,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Oʻtgan yilning mos davrida bu koʻrsatkich 9,8 mlrd dollarga teng edi. Demak, oltin eksportidan tushgan daromad 71,4 foizga, eksportning jismoniy hajmi esa 85 tonnadan 18 tonnaga kamaygan. Eʼtiborlisi, eksportning qisqarishi oltin narxining hozirgi keskin pasayishidan ancha oldin, mamlakat oltin zaxiralarini koʻpaytirish jarayonida sodir boʻlgan.
Oltin koʻpaymoqda, ammo zaxiralar qiymati kamaymoqda
2026 yil boshidan buyon Oʻzbekistonning oltin zaxiralari 390 tonnadan qariyb 454 tonnaga koʻpaydi. Biroq mamlakat xalqaro zaxiralarining umumiy qiymati mart oyidagi 77,1 mlrd dollardan noyabr oyi boshida 63,6 mlrd dollarga tushdi. Yaʼni 13,5 mlrd dollarga kamaydi.
Hozirgi zaxiralar miqdoridan kelib chiqib hisoblasak, oltinning bir troy unsiyasi narxi har 100 dollarga pasayganda, Oʻzbekiston oltin zaxiralarining bozor qiymati taxminan 1,46 mlrd dollarga, 500 dollarga pasayganda esa 7,3 mlrd dollarga kamayadi.
Oltin narxi 3 550 dollar boʻlgan sharoitda mamlakatning mavjud oltin zaxiralari qiymati taxminan 51,8 mlrd dollarni tashkil etadi. Albatta, bu haqiqiy pul yoki oltin yoʻqotilganini emas, balki zaxiralarning bozor qiymati pasayganini anglatadi.
Oltinni qimmatligida sotish kerak edimi?
Agar Oʻzbekiston 10 tonna oltinni bir unsiyasi 5 000 dollardan sotganida, 1,61 mlrd dollar daromad olgan boʻlar edi. Xuddi shu miqdordagi oltinni 3 550 dollardan sotish esa 1,14 mlrd dollar keltiradi. Farq — qariyb 466 mln dollar. 100 tonna oltin misolida esa bu farq 4,66 mlrd dollarni tashkil etadi. Biroq oltin zaxiralarini koʻpaytirish siyosatini bir tomonlama xato deb baholash toʻgʻri emas. Chunki oltin nafaqat daromad manbai, balki davlatning uzoq muddatli moliyaviy xavfsizligini taʼminlovchi muhim vosita hamdir.
Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun ehtimoliy oqibatlar
2026 yilning toʻqqiz oyida Oʻzbekistonning umumiy eksporti 5,5 foizga qisqargan, import esa 15,7 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo taqchilligi 13,7 mlrd dollarga yetgan. Oltin narxining yanada pasayishi mamlakatga valyuta tushumlarining qisqarishiga, konchilik korxonalari daromadlari va soliq tushumlarining kamayishiga, soʻm kursiga bosimning kuchayishi hamda import mahsulotlarining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Ayni paytda oltindan tashqari tovarlar eksportining 31,6 foizga, xizmatlar eksportining esa 31,1 foizga oʻsgani ijobiy tendensiya hisoblanadi. Hozirgi vaziyat shuni koʻrsatyaptiki, oltin zaxiralarining koʻpayishi har doim ham milliy boylik qiymatining oshishini anglatmaydi. Shu bois xalqaro zaxiralarni oqilona boshqarish, oltin eksporti boʻyicha puxta oʻylangan siyosat yuritish va valyuta tushumlari manbalarini diversifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekistonning iqtisodiy farovonligi jahon bozoridagi oltin narxlariga emas, balki sanoat, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatining oʻsishiga tobora koʻproq bogʻliq boʻlishi lozim.
Endi oltin va bitkoin narxlariga nima boʻladi?
Yaqin oylarda vaziyat koʻp jihatdan AQSh iqtisodiyotidagi oʻzgarishlarga bogʻliq boʻladi. Agar Amerikada inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolsa va foiz stavkalari yana oshirilsa, oltin ham, bitkoin ham arzonlashishda davom etishi mumkin. Lekin inflyatsiya pasaysa, foiz stavkalarini tushirish imkoniyati paydo boʻlsa va investorlarning moliya bozorlariga ishonchi tiklansa, har ikki aktivning narxi qayta koʻtarilishi mumkin.
Uchinchi ehtimol ham bor. Agar dunyoda siyosiy ziddiyatlar yoki iqtisodiy inqiroz xavfi kuchaysa, odamlar yana oltin sotib olishga kirishishi mumkin. Bunday sharoitda oltin qimmatlashib, bitkoin arzonlashishda davom etishi ham ehtimoldan xoli emas. Shu bois oltin va bitkoinning bugun birgalikda arzonlashayotgani ertaga ham ularning narxi bir xil yoʻnalishda oʻzgarishini anglatmaydi.
Xulosa
Oltin va bitkoin narxlarining bir vaqtda pasayishi tasodifiy hodisa emas. Buning ortida dollar qimmatlashishi, yuqori foiz stavkalari, yirik investorlarning mablagʻlarini qaytarib olishi va jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar turibdi.
Oddiy qilib aytganda, hozir dunyoda pul yoʻqolib ketgani yoʻq. Mablagʻlarning katta qismi bir bozordan boshqa bozorga oʻtmoqda. Biroq aktivlar arzonlashishi natijasida investorlarning boyligi ham kamaymoqda. Odamlar oltin va bitkoindan koʻra hozircha nisbatan ishonchli daromad keltiradigan moliyaviy vositalarni afzal koʻrmoqda.
Bugungi vaziyatdan chiqarish mumkin boʻlgan eng muhim xulosa shuki, dunyoda doimo qimmatlashib boradigan aktivning oʻzi yoʻq. Oltin ham, bitkoin ham, dollar ham, koʻchmas mulk ham iqtisodiy sharoitga qarab oʻz qiymatini oʻzgartirishi mumkin. Shuning uchun ham davlatlar, ham tadbirkorlar, ham oddiy fuqarolar oʻz mablagʻlarini faqat bitta aktivga bogʻlab qoʻymasligi, iqtisodiy vaziyatni toʻgʻri baholashi va shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmasligi lozim.
Iqtisodiyotning oddiy, ammo muhim qonuniyati bor: qayerdaki koʻproq daromad va ishonchlilik topsa, pul oʻshayoqqa harakatlanadi. Bugun jahon moliya bozorlarida aynan shu jarayonga guvoh boʻlyapmiz.
Abulfayz Sayidasqarov





