Muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani onlayn rasmiylashtirish mumkin boʻladi
Yangi xizmat tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, shuningdek, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan boʻshatilgan fuqarolar uchun moʻljallangan.

Oʻzbekistonda muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani my.gov.uz portali orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali maʼlum qildi.
Yangi xizmat tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, shuningdek, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan boʻshatilgan fuqarolar uchun moʻljallangan.
Xizmatdan quyidagi fuqarolar foydalanishi mumkin:
-erkaklar — 58 yoshdan 60 yoshgacha, kamida 25 yillik mehnat stajiga ega boʻlsa;
-ayollar — 53 yoshdan 55 yoshgacha, kamida 20 yillik mehnat stajiga ega boʻlsa.
Ariza topshirish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq nusxasi talab etiladi. Agar mehnat staji haqidagi maʼlumotlar toʻliq raqamlashtirilmagan boʻlsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham taqdim qilinadi.
Arizalar ikki ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Ish qidiruvchi sifatida roʻyxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik boʻlimiga borishi kerak.
Agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab uch oy davomida fuqaroga maqbul ish topib berilmasa, u belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etiladi.
Shundan soʻng muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash maqsadida Pensiya jamgʻarmasiga elektron shaklda yuboriladi.





