“Gʻishtkoʻprik” chegara posti qachon ochilishi maʼlum boʻldi
Chegara bojxona posti 2025 yil 5 fevraldan boshlab 4 oyga yopilgandi. Biroq ochilish sanasi bir necha bor keyinga qoldirilgan.

Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchisi Yerali Tugʻjanov “Gʻishtkoʻprik” (Jibek joli) oʻtkazish punkti 2026 yil 25 noyabrdan ishga tushirilishini maʼlum qildi.
Bu haqda “Daryo” nashri elchixonadagi manbasi xabar berdi.
Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti 2025 yil 5 fevraldan boshlab 4 oyga yopilgandi. Biroq ochilish sanasi bir necha bor keyinga qoldirilgan. Aslida post taʼmiri 2022 yildan beri davom etmoqda.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, 2025 yilda bu koʻrsatkich qariyb 5 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning dastlabki ikki oyida 900 million dollarga yetib, 41 foizlik oʻsish qayd etilgan.





