General Omonillaxon Hojiakbarov 15 yilga qamaldi
U Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi rahbari lavozimida ishlagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi (SRET) rahbari Omonillaxon Hojiakbarov 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Bu haqda Kun.uz nashri xabar berdi.
General-mayor Omonillaxon Hojiakbarov ishi harbiy sudda koʻrib chiqilgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 162-moddasi 1-qismi va 301-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topgan.
Jinoyat kodeksining 162-moddasi 1-qismi davlat sirlarini oshkor qilish haqida boʻlib, birinchi qism sanksiyasiga koʻra, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
301-moddasi 3-qismi “a” bandi hokimiyatni suiisteʼmol qilish, hokimiyat vakolati doirasidan chetga chiqish holatlari uchun javobgarlikni belgilaydi. Bunday jinoyat uchun oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi koʻzda tutilgan.





