Gazlashtirilmagan hududlarda elektr uchun bazaviy meʼyor 350 kVt soatga oshiriladi
Ayni paytda "Hududgaztaʼminot" AJ tomonidan shakllantirilgan hududlar roʻyxati mahalliy hokimliklar tomonidan oʻrganilib, tasdiqlanmoqda.

Gazlashtirilmagan hududlarda noyabr oyi uchun elektr energiyasi toʻlovlari 350 kVt·soatlik bazaviy meʼyor asosida hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 31 oktabrdagi 601-son qaroriga muvofiq, isitish mavsumida tabiiy gaz bilan taʼminlanmagan hamda gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlardagi aholi xonadonlari uchun elektr energiyasining oylik bazaviy meʼyori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshiriladi.
Yangi tartibga koʻra, belgilangan roʻyxatga kiritilgan xonadonlar isitish mavsumida oyiga 350 kVt·soatgacha elektr energiyasidan 1 kVt·soat uchun 650 soʻmlik bazaviy tarif asosida foydalanadi.
Ayni paytda "Hududgaztaʼminot" AJ tomonidan shakllantirilgan hududlar roʻyxati mahalliy hokimliklar tomonidan oʻrganilib, tasdiqlanmoqda. Tasdiqlangan roʻyxatlar "Hududiy elektr tarmoqlari" AJga taqdim etilib, tegishli maʼlumotlar billing tizimiga kiritilmoqda. Ushbu jarayonni 25 noyabrga qadar toʻliq yakunlash belgilangan.
Eng muhimi, 350 kVt·soatlik bazaviy meʼyordan foydalanish uchun aholidan hech qanday ariza yoki qoʻshimcha hujjat talab etilmaydi. Fuqarolar buning uchun elektr yoki gaz taʼminoti idoralariga borishi shart emas. Yangi meʼyor tasdiqlangan roʻyxat asosida tegishli xonadonlarga avtomatik ravishda qoʻllaniladi.
Bu tartib 1 noyabrdan amal qilayotgani sababli, roʻyxatga kiritilgan xonadonlarning noyabr oyida isteʼmol qilgan elektr energiyasi uchun yakuniy toʻlovlari 350 kVt·soatlik bazaviy meʼyor asosida hisoblanadi. Yaʼni noyabr oyi uchun hisob-kitoblarda yangi meʼyor toʻliq inobatga olinadi.
Masalan, xonadon noyabr oyida 300 kVt·soat elektr energiyasi isteʼmol qilsa, avvalgi 200 kVt·soatlik meʼyor boʻyicha toʻlov 220 ming soʻmni tashkil etgan boʻlar edi. Yangi meʼyor asosida esa 195 ming soʻm hisoblanadi. Yaʼni xonadon 25 ming soʻm kam toʻlaydi.
Mazkur tartibni amaliyotga joriy etish, hududlar va xonadonlar roʻyxatini shakllantirish, maʼlumotlarni billing tizimiga kiritish hamda toʻlovlarni yangi meʼyor asosida hisoblash bilan bogʻliq barcha zarur ishlar Energetika vazirligi, "Hududgaztaʼminot$ va" Hududiy elektr tarmoqlari" AJ hamda mahalliy hokimliklar tomonidan isteʼmolchilarni ortiqcha ovoragarchilikka solmagan holda amalga oshiriladi.





