Temir yoʻl qatnovlari va ichki aviareyslar jadvali qayta koʻrib chiqiladi
Toshkentdan Chinorkentga boradigan poyezd soat 10:30 da manzilga yetib boradi, qaytish ekspressi esa 14:20 da joʻnaydi. Natijada Boʻstonliqqa borgan sayyohning hududni aylanishi uchun atigi toʻrt soatga yaqin vaqti qolmoqda.

Hududlarda havo turizmi va kichik aviatsiya xizmatlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Samarqand, Buxoro va Xorazmning tarixiy maskanlari, Boysun, Aydarkoʻl va Parkentning Samsarak qishlogʻida havo sharlari, paraplan va deltaplan xizmatlarini tashkil etish mumkin.
Biroq ushbu faoliyatga ruxsatnoma olish xarajati qariyb 300 million soʻmni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun, Turkiyada bu toʻlov 13 million soʻm, Dubayda 10 million soʻm, Misrda esa bunday toʻlov yoʻq.
Mutasaddilarga kichik aviatsiyani rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Kelasi yildan har bir hududda kamida bitta manzilda aholi va sayyohlar uchun ana shunday xizmatlarni yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.
Turistik manzillarga transport qatnovlarini sayyohlar ehtiyojiga moslashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Masalan, Toshkentdan Chinorkentga boradigan poyezd soat 10:30 da manzilga yetib boradi, qaytish ekspressi esa 14:20 da joʻnaydi. Natijada Boʻstonliqqa borgan sayyohning hududni aylanishi uchun atigi toʻrt soatga yaqin vaqti qolmoqda.
Shuningdek, Toshkent – Shahrisabz yoʻnalishidagi «Afrosiyob» tezyurar poyezdi faqat yakshanba kuni qatnashi qayd etildi. Bu qatnovda ham sayyohning shahar bilan tanishishi uchun besh soat atrofida vaqti qoladi.
Prezidentimiz yangi turizm obʼektlarini qurish bilan birga ularga borish va qaytish imkoniyatini qulay tashkil etish zarurligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga bir oyda barcha temir yoʻl qatnovlari va ichki aviareyslar jadvalini tahlil qilib, aholi hamda sayyohlar talabiga muvofiq qayta koʻrib chiqish va eʼlon qilish topshirildi.





