Qrim koʻprigiga zarba — Putinning shaʼniga zarbami?
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy operatsiya bir necha hafta davomida tayyorlanganini va xavfsizlik xizmati hamda qurolli kuchlar tomonidan muvofiqlashtirilganini bildirdi. Uning maʼlum qilishicha, hujumlar davomida Ukrainada ishlab chiqarilgan «Palyanitsya» zarbdor apparatlari, «Flamingo» va «Neptun» qanotli raketalari hamda boshqa qurol tizimlari ishlatilgan. Demakki, operatsiya bir martalik tasodifiy muvaffaqiyat emas, u bosqichma-bosqich ishlab puxta ishlab chiqilgan murakkab harbiy harakat boʻlgan.

Urushda talofot koʻrish tabiiy hol hisoblanadi. Mojaroning har ikki tomoni ham ehtimoliy zararga apriori rozi boʻlgan holda urush olib boradi.
Biroq ayrim chegaralar boʻladiki, bu urushayotgan davlat rahbarining izzat-nafsiga tegishi va yetkazilgan zararga nomutanosib ravishda ulkan zarba deya baholanishi mumkin.
Masalan, 16–19 noyabr kunlari Qrim koʻprigiga berilgan ketma-ket zarbalar Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun or-nomus masalasi deb baholandi.
Toʻgʻri, Putin Ukrainaga bostirib kirganidan beri koʻpgina chegaralar – “qizil chiziqlar” qoʻydi, ammo ularning deyarli barchasi bosib oʻtildi. Masalan, avval u NATOning Sharqqa kengayishiga qarshiligini aytdi. Ammo Rossiyaning yon qoʻshnilari Finlyandiya va Shvetsiya NATOga aʼzo boʻldi. Keyinroq Putin Gʻarbdan Ukrainaga yordam bermasligini talab qildi, biror davlat bu “qizil chiziq”ni bossa qattiq jazolashini aytib tahdid qildi. Ammo hozirgacha Kiyev asosan Gʻarb yordami bilan oʻzini himoya qilyapti va hokazo.
Ayni kunlarda Putin chizgan yana bir “qizil chiziq” kesib oʻtildi: Putin magʻrurlanadigan va “oʻtda yonmas, suvda soʻkmas” deya baholangan, qattiq muhofaza qilinishi bilan maqtanilgan Qrim koʻprigining arkasi Ukraina zarbalari oqibatida qulab tushdi. Yaʼni Ukraina Rossiya uchun strategik ahamiyatga ega transport inshootiga jiddiy shikast yetkazish bilan birga, Vladimir Putinning siyosiy merosi bilan chambarchas bogʻliq ramzni ham nishonga oldi.
Voqealar zanjirining qiziq jihati shundaki, hujumlar AQSh, Xitoy va Rossiya rahbarlarining Shenchjendagi tarixiy uch tomonlama sammiti hamda Berlinda Ukrainani qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar koalitsiyasi yigʻilishi oʻtkazilayotgan davrga toʻgʻri keldi. Shu bois voqeani oddiy infratuzilmaga berilgan zarba sifatida baholash yetarli emas. Uning zamirida harbiy logistika, siyosiy obroʻ, strategik tiyib turish, xalqaro diplomatiya va urushning keyingi bosqichiga taʼsir koʻrsatish masalalari mujassam boʻlgan.
Qrim koʻprigi: transport inshootidan siyosiy timsolgacha
Kerch boʻgʻozi orqali oʻtgan 19 kilometrlik Qrim koʻprigi Rossiyaning Krasnodar oʻlkasini Qrim yarimoroli bilan bogʻlaydi. Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilgan, BMT Bosh Assambleyasi esa Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligini va daxlsizligini tasdiqlagan.
2018 yilda avtomobil koʻprigining ochilish marosimida Vladimir Putinning shaxsan qatnashishi inshootga alohida siyosiy mazmun berdi. U Kreml uchun faqat iqtisodiy loyiha emas, balki Qrimning Rossiya bilan uzviy bogʻliqligini namoyish etuvchi davlatchilik ramziga aylandi. Siyosatshunoslik nuqtai nazaridan bunday obʼektlar davlat hokimiyatining ramziy kapitali hisoblanadi. Ular hokimiyatning qudrati, tarixiy daʼvolari va siyosiy qarorlarining qaytarilmasligini namoyish etishga xizmat qiladi. Shuning uchun koʻprikning vayron boʻlishi nafaqat moddiy zarar, balki Kreml ilgari surgan siyosiy tasavvurlarga ham zarba boʻladi. Ukraina uchun esa mazkur inshoot Rossiyaning Qrim ustidan nazoratini mustahkamlovchi infratuzilma va harbiy taʼminot imkoniyatlaridan biri hisoblanadi.
Uch zarba: operatsiyaning harbiy mantigʻi
Reuters agentligining tekshirilgan materiallariga koʻra, 16 noyabrdagi dastlabki hujumdan keyin 17 noyabr kuni amalga oshirilgan zarbalar natijasida avtomobil koʻprigining markaziy arkali qismi va yoʻl oraligʻi dengizga qulagan.
Taxminan 227 metrli oraliqning hamda arkaning vayron etilishi avtomobillar qatnovini izdan chiqargan. Temir yoʻl qismi ham shikastlangan, ammo dastlab uning ayrim yoʻnalishlarida qatnovni tiklash imkoniyati saqlangan.
19 noyabr kuni Ukraina yana ushbu obʼektga hujum uyushtirdi. Ukraina Bosh shtabi maʼlumotiga koʻra, bu safar «Neptun» raketalari temir yoʻl infratuzilmasiga zarba bergan. Rossiya transport idoralari poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatilganini tasdiqladi. Keyinroq qatnov qisman tiklandi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy operatsiya bir necha hafta davomida tayyorlanganini va xavfsizlik xizmati hamda qurolli kuchlar tomonidan muvofiqlashtirilganini bildirdi. Uning maʼlum qilishicha, hujumlar davomida Ukrainada ishlab chiqarilgan «Palyanitsya» zarbdor apparatlari, «Flamingo» va «Neptun» qanotli raketalari hamda boshqa qurol tizimlari ishlatilgan. Demakki, operatsiya bir martalik tasodifiy muvaffaqiyat emas, u bosqichma-bosqich ishlab puxta ishlab chiqilgan murakkab harbiy harakat boʻlgan.
Urushni oʻrganish instituti — ISW tahliliga koʻra, Ukraina avval Rossiyaning havo mudofaasi, radiolokatsiya va radioelektron kurash imkoniyatlarini zaiflashtirishga uringan. Bunda muhim sabab-oqibat bogʻliqligi mavjud: havo mudofaasining zaiflashuvi nishonga yetib borish ehtimolini oshiradi, aniq zarba esa nisbatan kamroq resurs bilan katta infratuzilmaviy zarar yetkazish imkonini beradi. Biroq hujumda qoʻllangan barcha vositalar va ularning alohida natijalari mustaqil manbalar orqali toʻliq tasdiqlangan emas.
Harbiy logistikaga berilgan zarba koʻlami
Qrim koʻprigi uzoq vaqt Rossiya qoʻshinlarini janubiy yoʻnalishlarda taʼminlash uchun muhim transport yoʻlagi vazifasini bajargan. Biroq 2022 yildan keyin Rossiya Ukraina janubida bosib olgan hududlar orqali muqobil quruqlik yoʻlagini rivojlantirdi. Shu sababli koʻprikning ishdan chiqishi Rossiya qoʻshinlarini avtomatik ravishda taʼminotsiz qoldiradi, degan xulosa notoʻgʻri.
Biroq, yetkazilgan zararning ahamiyatini kamsitishi ham nojoiz. Chunki yuklarni muqobil yoʻllarga yoʻnaltirish transport masofasi va xarajatlarni oshirishi mumkin. Shuningdek, quruqlik yoʻlagining oʻzi Ukraina zarbalaridan himoyalangan emas. Okkupatsiya qilingan Ukraina yerlari orqali oʻtgan va Qrimni Rossiya bilan bogʻlovchi yoʻlak deyarli Ukraina dronlari ostida. Bu yoʻl orqali oʻtuvchi Rossiya transportlariga muntazam hujum qilib, portlatib yuborilmoqda.
Qolaversa, Qrim koʻprigni taʼmirlash katta mablagʻ, texnika va muhandislik resurslarini talab etadi. Shu bois, Rossiya rasmiylari parom qatnovini tashkil etish va muqobil transport aloqalarini kuchaytirish choralarini eʼlon qildi.
Daniyaning COWI muhandislik kompaniyasi mutaxassisi Inger Kroon Reuters bilan suhbatda yirik arkali oraliqni toʻliq almashtirish bir yildan ham koʻproq vaqt olishi mumkinligini taʼkidlagan.
Putinning siyosiy obroʻsi nishonga olindimi?
Qrim koʻprigi Putinning siyosiy faoliyatidagi eng koʻzga koʻringan infratuzilmaviy ramzlardan biri hisoblanadi. Shu sababli uni himoya qila olmaslik Rossiya rahbariyatining xavfsizlik kafolatlari haqidagi tasavvurlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Qolaversa, Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini portlatib, yoqilgʻi taqchilligi va qimmatalashuvini yuzaga keltirgani ham Putinning rus xalqi oldidagi obroʻsini ancha pasaytirgan edi.
Bu yerda asosiy muammo koʻprikning oʻzidan ham kengroqdir. Rossiya oʻzini yirik harbiy-siyosiy qudrat sifatida namoyish etayotgan bir paytda, Ukraina uning alohida qoʻriqlanadigan strategik obʼektiga ketma-ket zarba bera oldi. Bunday holat Kreml uchun harbiy samaradorlik bilan siyosiy nufuz oʻrtasidagi ziddiyatni yuzaga chiqaradi.
Ayniqsa hujumlarning Putin AQSh va Xitoy rahbarlari bilan uchrashishi arafasida amalga oshirilishi ularning ramziy taʼsirini kuchaytirdi. The Guardian suhbatlashgan ukrain harbiy manbasi ham operatsiyaning vaqt jihatidan Putinni xalqaro maydonda noqulay ahvolga solish maqsadi bilan bogʻliqligini bildirgan.
Lekin siyosiy zarba bilan siyosiy magʻlubiyat bir xil tushuncha emas. Koʻprikning shikastlanishi Putin hokimiyatini zaiflashtirishi mumkin, ammo bu uning ichki siyosiy mavqei hal qiluvchi darajada pasayganini isbotlamaydi. Aksincha, Kreml tashqi hujumdan jamoatchilikni safarbar etish va harbiy harakatlarni kuchaytirish uchun foydalanishi ham mumkin.
Putinning javobi: harbiy zarbami yoki diplomatik bosim?
19 noyabr kuni Shenchjendagi sammitdan keyin Vladimir Putin koʻprikning avtomobil qismi jiddiy shikastlanganini tan oldi va Rossiya uni tiklashini maʼlum qildi. U Moskvaning javobi Ukraina zarbalaridan ancha ogʻirroq boʻlishini taʼkidladi.
Ayni paytda Rossiya rahbari Qora dengizdagi kema qatnovi hamda energetika obʼektlariga hujumlarni oʻzaro toʻxtatish imkoniyati muhokama qilinganini, ammo koʻprikka zarbalardan keyin bunday kelishuvni koʻrib chiqmasligini bildirdi.
Putin koʻprikdan harbiy texnika va neft mahsulotlarini tashishda foydalanilmayotganini ham taʼkidlab, oʻzini oqlagan boʻldi. Bu Rossiya tomonining bayonoti boʻlib, inshootning amaldagi harbiy ahamiyati masalasida Ukraina va mustaqil tahlilchilar boshqacha baholarni ilgari surmoqda.
Kreml pozitsiyasida ikki maqsad koʻrinadi: ichki auditoriyaga qatʼiyatni namoyish etish va xalqaro muzokaralarda Ukrainaga bosimni oshirish. Biroq muhim farqni unutmaslik kerak: Putin voz kechgan cheklangan sulh hali tomonlar oʻrtasida imzolangan kelishuv emas, balki muhokama qilinayotgan imkoniyat edi. Shuning uchun uning rad etilishi diplomatik vaziyatni murakkablashtirsa-da, mavjud sulhning buzilishi sifatida baholanmaydi. Bundan tashqari, koʻprikka hujumlar Moskva qarorining yagona sababi boʻlganini mustaqil ravishda isbotlash qiyin. Chunki Rossiya armiyasining toʻxtovsiz hujumlari uchun bahonalar doim topiladi. Qrim koʻprigi ham shunday qulay bahona boʻldi xolos.
Zelenskiyning maqsadi: asimmetrik kuch orqali bosim
Vladimir Zelenskiy hujumlarni Rossiyaning Ukraina shaharlari, koʻpriklari va energetika infratuzilmasiga qarshi davomli zarbalariga javob sifatida izohladi. Ukrainaning strategik mantigʻi nisbatan aniq: Rossiya kattaroq resurslarga ega boʻlsa, Kiyev raqibning zaif nuqtalariga aniq zarbalar berish orqali harbiy muvozanatni oʻzgartirishga intiladi. Bu asimmetrik urush tamoyiliga mos keladi.
Ukraina koʻprikka zarba berish bilan Rossiya hududiy nazoratining iqtisodiy va harbiy xarajatlari oshib borishini koʻrsatmoqchi. Bundan tashqari, operatsiya Ukraina qurolsozlik sanoatining uzoq masofaga zarba berish imkoniyatlarini namoyish etish vazifasini ham bajaradi. Biroq harbiy muvaffaqiyatning diplomatik bahosi mavjud: Moskva uni muzokaralardan chekinish yoki javob hujumlarini kuchaytirish uchun asos sifatida koʻrsatishi mumkin.
Tramp, Xitoy va Berlin: diplomatik manfaatlar toʻqnashuvi
Donald Trampning munosabati alohida eʼtiborga loyiq.
NBC News jurnalisti Geyb Guterresga koʻra, Tramp Putinning koʻprikka zarbalar sababli Zelenskiydan qattiq norozi ekanini aytgan va bu hissiyotni tushunish mumkinligini bildirgan.
Biroq Tramp Ukraina ishtirokisiz uning kelajagiga doir yakuniy qaror qabul qilmasligini ham taʼkidlagan. Demak, uning Putin munosabatini tushunish haqidagi soʻzlarini Ukraina operatsiyasini rasman qoralash yoki Rossiya talablarini toʻliq qoʻllab-quvvatlash sifatida talqin qilish toʻgʻri emas.
Ukraina yetakchisi esa bunday nozik ayblovlarga javoban “Qrim — Ukraina hududi, shuning uchun u yerdagi obʼektlar bilan xohlagan ishimizni qilishimiz mumkin” dedi.
Berlindagi matbuot anjumanida jurnalist Zelenskiydan Qrim koʻprigi qachon butunlay ishdan chiqishi va unda poyezdlar qatnovi qachon toʻxtashi haqida soʻradi.
Bunga javoban Ukraina prezidenti Rossiya Ukraina koʻpriklariga bir necha bor zarba berganini, shu sababli Kiyev ham javob zarbalari berayotganini taʼkidladi.
«Ular bizning koʻpriklarimizga zarba berishdi. Bu birinchi marta ham, birinchi yil ham emas. Biz esa javob qaytaryapmiz. Menimcha, bu adolatli», — dedi Zelenskiy. U, shuningdek, Qrim Ukraina hududi ekanini va shu sababli Ukraina u yerdagi obʼektlar taqdiri boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega ekanini taʼkidladi. «Ochigʻini aytganda, Qrim — Ukraina. Ukraina hududida joylashgan barcha narsa esa Ukrainaga tegishli», — deya qoʻshimcha qilgan Zelenskiy.
Natijasiz uchrashuv
19 noyabr kuni Shenchjenda Tramp, Si Szinpin va Putin uch tomonlama sammit oʻtkazdi. Ular qabul qilgan ramziy tinchlik deklaratsiyasida yadroviy xavflarni kamaytirish masalasi aks etdi, ammo Ukraina urushi boʻyicha aniq kelishuv eʼlon qilinmadi. Ayni kuni Berlinda Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Ukraina rahbarlari ishtirokidagi muzokaralarda aksincha, Ukraina xavfsizlik kafolatlari, harbiy yordam va qish mavsumida energetik sulh masalalari markaziy oʻrin egalladi. Shunday qilib, ikki diplomatik maydonda turlicha ustuvorliklar namoyon boʻldi. Shenchjenda yirik davlatlar oʻrtasidagi strategik munosabatlar, Berlinda esa Ukrainaning xavfsizligi va Yevropa ishtirokisiz tinchlik shartlari belgilanmasligi masalasi muhim boʻldi.
Qrim koʻprigiga zarbalar ana shu diplomatik qarama-qarshilikni yanada keskinlashtirdi.
Xalqaro huquq nuqtai nazar
Qrimning xalqaro huquqiy maqomi va koʻprikka zarba berishning qonuniyligi bir-biridan farqli masalalardir. BMT Bosh Assambleyasining 2014 yil 27 martdagi 68/262-sonli rezolyutsiyasi Ukrainaning hududiy yaxlitligini tasdiqlaydi. Biroq xalqaro gumanitar huquqqa koʻra, har qanday transport inshooti avtomatik ravishda harbiy nishon hisoblanmaydi.
Agar koʻprik harbiy harakatlarga samarali hissa qoʻshsa va uni ishdan chiqarish aniq harbiy ustunlik bersa, u muayyan sharoitlarda qonuniy harbiy nishon boʻlishi mumkin.
Bunda harbiy zarurat, fuqarolar va harbiy obʼektlarni farqlash, mutanosiblik hamda ehtiyot choralari talablariga rioya qilinishi shart.
Xulosa: koʻprik quladi, ammo siyosiy oqibatlar hali oldinda
Qrim koʻprigiga berilgan zarbalar Rossiya uchun jiddiy harbiy-logistik muammo, Ukraina uchun esa ahamiyatli taktik va ramziy muvaffaqiyat boʻldi. Biroq ularni Putinning shaxsiy shaʼniga berilgan hal qiluvchi zarba deb baholash hozircha erta.
Asosiy siyosiy taʼsir shundaki, Kreml rahbariyatining Qrim ustidan nazorati, strategik obʼektlarni himoya qilish imkoniyati va harbiy ustunligi haqidagi tasavvurlar jiddiy sinovdan oʻtmoqda. Ukraina esa nisbatan cheklangan resurslar bilan Rossiya uchun katta ahamiyatga ega obʼektlarga taʼsir oʻtkaza olishini namoyish etdi.
Shu bilan birga, koʻprikning vayron boʻlishi urush tugashini anglatmaydi. Aksincha, bu voqea yangi harbiy keskinlashuvga ham, diplomatik bosimning kuchayishiga ham turtki boʻlishi mumkin.
Zero, zamonaviy urushlarda baʼzan bittagina strategik inshootning qulashi katta harbiy operatsiyadan ham kuchliroq siyosiy taʼsir koʻrsatadi. Qrim koʻprigining portlash tovushi hali ancha vaqt siyosatda aks-sado berib turishi aniq...
Abulfayz Sayidasqarov





