Qishki mavsumga benzin zaxirasi qanday? “Oʻzbekneftgaz” maʼlumot berdi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va tizimdagi neft bazalar omborlarida 102 ming tonna benzin zaxirasi shakllantirildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ qish mavsumida ichki bozorni barqaror taʼminlash uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va tizimdagi neft bazalar omborlarida 102 ming tonna benzin zaxirasini shakllantirganini maʼlum qildi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi zaxiradan 25 ming tonnaga koʻp.
Jamiyat hisob-kitobiga koʻra, mavjud zaxira ikki oylik isteʼmol hajmini qoplash imkonini beradi. Zavodda esa hozir sutkasiga oʻrtacha 3200–3400 tonna benzin ishlab chiqarilmoqda.
Maʼlumki, qishda havo sovishi bilan metan gazi quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Bunday holatda esa, tabiiyki, aholi koʻproq benzindan foydalanadi. "Oʻzbekneftgaz" avvalgi yillardagi toʻplangan tajriba va aholini sifatli benzin bilan taʼminlash dasturiga muvofiq talab oshgan taqdirda birja savdolariga chiqariladigan benzin miqdorini kuniga 8 ming, ehtiyoj yana koʻpayganda 10 ming tonnagacha yetkazish imkoniyatini ham hisobga olgan.
Shu oʻrinda yana bir muhim jihat. Aholini benzin bilan taʼminlash faqatgina "Oʻzbekneftgaz" AJ zimmasidagi masala emas. Bozorda xorijdan mahsulot keltiruvchi xususiy tadbirkorlik subʼektlari ham katta foizni egallaydi. Ular tomonidan olib kelinayotgan benzin importi hajmi joriy yilning iyun oyidan boshlab keskin kamayganini alohida taʼkidlash oʻrinli. Xususan, oktabr oyida import hisobiga ichki bozorga jami 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan. Biroq shunga qaramay "Oʻzbekneftgaz" tomonidan bugungi kunda birja savdolariga kunlik jami 4,6 ming tonna benzin (2025 yilda oʻrtacha 2,2 ming tonna), shu jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 rusumli benzin muntazam ravishda joylashtirib borilmoqda. Shu bilan birga, mavsumda ichki bozordagi talabni qondirish hamda ehtimoliy taqchillikning oldini olish maqsadida tizim korxonasi tomonidan tayyor benzin importini amalga oshirish choralari ham koʻrilmoqda.





