Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasida kilometrlab navbat hosil boʻlganiga izoh berildi
Tranzit yuklarning oshishi Qozogʻistonning Xitoy bilan chegaradagi "Xorgos" oʻtkazish punkti kecha-yu kunduz, yaʼni 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilgani bilan bogʻliq.
Buning natijasida Xitoydan tovarlarni olib kirish jarayonlari sezilarli ravishda jadallashgan.

Qozogʻistonning "B. Qonisbayeva" (Oʻzbekiston tomonidagi "Yallama" yoʻnalishi) nazorat punkti oldida 90 dan ortiq furalar navbati 40 kilometrgacha choʻzilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Davlat bojxona qoʻmitasi mazkur vaziyatga izoh berdi.
Aslida ushbu video bir necha kun avval Internetning qozoq sigmentida tarqalgan. Ayni daqiqalarda ikkala davlat chegara oʻtkazish punktlari odatiy rejimda ishlamoqda.
Turkiston viloyati Davlat daromadlari departamenti Oʻzbenkiston bilan chegaradagi oʻtkazish punktlarida yuk mashinalari navbati yuzasidan har 24 soatda maʼlumotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib bormoqda.
Unga koʻra, 20 noyabr kuni soat 9.00 holatida "B.Qonisboyev" avtomobil oʻtkazish punktida 100 ta yuk mashinasi navbatda turgani bildirilgan.
Mazkur post va unga tutash Oʻzbekistonning “Yallama” chegara bojxona posti orqali sutkasiga 1,5 mingdan ziyod yuk avtotransport vositasi harakatlanayotganini inobatga olsak, bu normal holat hisoblanadi.
Umuman olganda, joriy yilda Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegara oʻtkazish punktlari orqali harakatlangan yuk avtotransport vositalari soni kutilganidan ham oshib ketdi.
2021 yilda ikkala davlat chegara-bojxona postlari orqali sutkasiga 1165 ta yuk mashinasi harakatlangan boʻlsa, 2026 yil noyabr oyiga kelib bu raqam sutkasiga 3130 ta yuk avtotransport vositasini tashkil qilmoqda. Oʻsish 2.7 barobar.
Taʼkidlash joizki, videotasvirlarda aks etgan yuk avtotransport vositalarining asosiy qismini ikkala davlat hududidan tranzit tarzida harakatlanuvchi yuklar tashkil qiladi.
Tranzit yuklarning oshishi esa Qozogʻistonning Xitoy bilan chegaradagi "Xorgos" oʻtkazish punkti kecha-yu kunduz, yaʼni 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilgani bilan bogʻliq.
Buning natijasida Xitoydan tovarlarni olib kirish jarayonlari sezilarli ravishda jadallashgan, Xususan, Oʻzbekiston orqali qoʻshni Turkmaniston, Tojikiston va boshqa davlatlarga tranzit tartibida tashilayotgan tovarlar hajmi oshgan.
Bundan tashqari, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyat, shuningdek, boshqa anʼanaviy savdo-logistika yoʻnalishlarida yuzaga kelgan cheklovlar natijasida xalqaro logistika zanjirlarida qayta yoʻnaltirish jarayonlari kuzatilmoqda, deyiladi bojxona xabarida.





