OAV: GTA bir kunning oʻzida 2,36 milliard dollar daromad keltirdi
GTA 6 ishlab chiquvchisi Rockstar va uning bosh kompaniyasi Take-Two oʻyinning savdo natijalari boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni eʼlon qilmagan. Shunga qaramay, kompaniyalar oʻyinga boʻlgan talabni “misli koʻrilmagan” deb baholadi.

19 noyabr kuni mashhur Grand Theft Auto 6 (GTA 6) videooʻyini taqdim etildi va ilk kundayoq sotuvlar rekordini yangiladi.
Sensor Tower tahliliy platformasiga koʻra, oʻyinning oldindan buyurtmalari va ilk kundagi savdosi jami 24,5 million nusxadan oshib, taxminan, 2,36 milliard dollar daromad keltirgan. Taqqoslash uchun, 2026 yilda eng kassabop film “Oʻrgimchak odam: yangi kun” kinoteatrlardagi butun namoyishi davomida 2,5 milliard dollar daromad qilgan.
GTA 6 ishlab chiquvchisi Rockstar va uning bosh kompaniyasi Take-Two oʻyinning savdo natijalari boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni eʼlon qilmagan. Shunga qaramay, kompaniyalar oʻyinga boʻlgan talabni “misli koʻrilmagan” deb baholadi. GTA 6 Rockstar kompaniyasining qariyb 30 yillik jinoyat simulyatori franshizasining soʻnggi qismi boʻlib, u tarixdagi eng mashhur oʻyinlardan biriga aylandi.
Oʻyinda Amerika orzusi satirik tarzda tasvirlanadi. Voqealar AQShning Florida shtatidan ilhomlanib yaratilgan xayoliy Leonida shtatida kechadi. Oʻyinchilar jinoyatchilik olamiga endigina kirib kelayotgan Lusiya va uning sherigi Jeyson ismli ikki qahramonni boshqaradi.
Mavzuga oid: Uzoq kutilgan GTA VI: 13 yillik intizorlik, texnologik inqilob va milliardlab dollarlik tavakkal
GTA 6 ni ishlab chiqish uchun 1 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflangani taxmin qilinmoqda. Bu esa uni tarixdagi eng qimmat video oʻyinga aylantiradi. Sensor Tower prognoziga koʻra, GTA 6 shu qadar mashhur boʻladiki, u geymerlarning boshqa bir kishilik oʻyinlarga sarflaydigan vaqtini 10 foizga qisqartiradi.





