platina.uz
Tashkent Content Market — 4–5 fevral 2027, tcm.uz
Jamiyat

Markaziy Osiyoning noyob tabiiy merosi yagona Qizil kitobda jamlanadi

Markaziy Osiyodagi koʻplab noyob va endemik oʻsimlik hamda hayvon turlarining yashash hududlari bir davlat chegarasi bilan cheklanmaydi. Shu bois ularni samarali muhofaza qilish uchun mintaqa davlatlarining ilmiy salohiyati, maʼlumotlari va tajribasini birlashtirish muhim.

Markaziy Osiyoning noyob tabiiy merosi yagona Qizil kitobda jamlanadi

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), sohaga oid institutlar va oliy taʼlim muassasalari hamkorligida "Green University"da "Markaziy Osiyo Qizil kitobi"ni tayyorlash boʻyicha oʻquv seminari boʻlib oʻtdi.

Unda Ekologiya qoʻmitasi masʼullari, olimlar, xalqaro ekspertlar, ilmiy muassasalar vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirda nutq soʻzlagan Ekologiya qoʻmitasi departament rahbari Bahrom Xolxoʻjayev "Markaziy Osiyo Qizil kitobi"ni yaratish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026 yil aprel oyida Ostona shahridagi Mintaqaviy ekologik sammitda ilgari surilganligini, bu nafaqat yangi nashr tayyorlash, balki besh mamlakat olimlarining bilim va kuzatuvlarini bir maqsadga yoʻnaltirish imkoniyatini yaratishini taʼkidladi.

"Mazkur tashabbusning xalqaro ahamiyati ham bor. Xususan, 2022 yilda qabul qilingan Kunmin–Monreal global bioxilma-xillik dasturining 4-maqsadi turlarning inson faoliyati tufayli yoʻqolib ketishining oldini olish va xavf ostidagi turlarni tiklashga qaratilgan. "Markaziy Osiyo Qizil kitobi" ushbu maqsadga erishish uchun zarur boʻlgan ilmiy baholash va muhofaza ustuvorliklarini belgilashga yordam beradi", — dedi Bahrom Xolxoʻjayev.

IUCN vakili Anna Belousova esa kitobni tayyorlashda oʻzbekistonlik olimlarning ahamiyati katta ekanligini qayd etdi.

"Hamkasblarimiz mamlakatimizga xos endemik turlarni xalqaro miqyosda eʼtirof etish va ularni IUCNning Qizil roʻyxatiga kiritish borasida katta ish olib bormoqda. Bu juda muhim, chunki gap noyob turlar haqida ketmoqda. Ularni asrab-avaylash nafaqat muayyan hudud, balki butun Yer sayyorasi tabiatini muhofaza qilish uchun ham katta ahamiyatga ega", — dedi u.

Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyodagi koʻplab noyob va endemik oʻsimlik hamda hayvon turlarining yashash hududlari bir davlat chegarasi bilan cheklanmaydi. Shu bois ularni samarali muhofaza qilish uchun mintaqa davlatlarining ilmiy salohiyati, maʼlumotlari va tajribasini birlashtirish muhim.

Seminar doirasida turlarni baholash, ularga tahdid darajasini aniqlash, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil roʻyxati mezonlari va mintaqaviy baholash metodologiyasi oʻrganildi.

Eng muhimi, seminar natijalari kelgusida turlar boʻyicha ilmiy maʼlumotlarni umumlashtirish, asoslangan xulosalar tayyorlash va Markaziy Osiyo davlatlari ekspertlari bilan hamkorlikda ish olib borish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid