Joriy yil qurilish sanoatida ishlab chiqarish hajmi 65 trillion soʻmga yetadi
Mamlakatimizda har yili 50–55 milliard dollar investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozorni shakllantirmoqda. Qoʻshni va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga yillik talab 50 milliard dollarga baholanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida qurilish materiallari sanoati va turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan investor hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbari bir yil avval Kumushkonda Boʻstonliq va Zomindagi turistik zonalardan qolishmaydigan yirik majmua barpo etish vazifasi qoʻyilganini esladi. "Avvalo, oʻzimiznikilarga imkoniyat beraylik, ular nimalarga qodirligini koʻrsin" degan yondashuv asosida mahalliy loyihachilar va quruvchilar 47 gektar maydonda "Oltin bel" majmuasini bunyod etdi.
Majmuada toʻrtta mehmonxona, ikkita restoran, 51 ta shale, akvapark, amfiteatr va koʻngilochar inshootlar tashkil qilingan. Bir vaqtning oʻzida 6 ming nafarga xizmat koʻrsatish va 600 ta ish oʻrni yaratish imkoniyati mavjud.
Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan bu yerda tashkil etilgan kurslarda 300 nafar mutaxassis tayyorlandi. Qurilish va jihozlashda mahsulotlarning 95 foizi mahalliy korxonalardan olingani loyiha tannarxini 20 foizga arzonlashtirdi.
Ushbu tajriba asosida Nanay, Xonobod, Chimyonsoy, Muzbuloq, Urgut, Ellikqalʼa va boshqa hududlarda ham turizm maskanlari barpo etish boʻyicha takliflar bildirildi.
Prezidentimiz qurilish industriyasi va turizm bir-birini toʻldiradigan, oʻzaro yangi imkoniyatlar ochadigan sohalarga aylanishi zarurligini taʼkidladi.
Prezidentimiz qurilish materiallari sanoatida erishilgan natijalar va yangi eksport imkoniyatlariga toʻxtaldi.
Soʻnggi oʻn yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingdan ziyod zamonaviy korxona ishga tushirildi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016 yildagi 7 trillion soʻmdan 65 trillion soʻmga, eksport esa 75 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Mamlakatimizda har yili 50–55 milliard dollar investitsiya jalb etilayotgani qurilish mahsulotlari uchun katta ichki bozorni shakllantirmoqda. Qoʻshni va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga yillik talab 50 milliard dollarga baholanmoqda.
Yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirish, mahalliy developerlarni xorijiy tenderlarga olib chiqish va arzon hamda uzluksiz logistika zanjirlarini yaratish hisobiga eksportni yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
– Lekin hozirgi tez oʻzgaruvchan bozor sharoitida tadbirkorlar bilan yilda bir emas, kerak boʻlsa, har oyda muloqot qilish zarur, – dedi Prezidentimiz.
Bu borada vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar oldiga aniq talab qoʻyildi.





