Byudjet hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi qoʻyiladi
Jizzax, Navoiy va Xorazmda qurilayotgan koʻp qavatli uylarning bir kvadrat metri tannarxi 3,5 million soʻmdan kam, Buxoro va Surxondaryoda esa 5 million soʻmdan yuqori. Ayrim hududlarda maʼmuriy binolar qurilishi qiymati ham bir-biridan 1,5-2 barobar farq qilmoqda.

Qurilish tannarxini pasaytirish va davlat mablagʻlaridan samarali foydalanish masalalari ham tanqidiy koʻrib chiqildi.
Tahlillarga koʻra, Jizzax, Navoiy va Xorazmda qurilayotgan koʻp qavatli uylarning bir kvadrat metri tannarxi 3,5 million soʻmdan kam, Buxoro va Surxondaryoda esa 5 million soʻmdan yuqori. Ayrim hududlarda maʼmuriy binolar qurilishi qiymati ham bir-biridan 1,5-2 barobar farq qilmoqda.
Bunday tafovutlarga ortiqcha vositachilar, loyiha va smetalarning qurilish davomida qayta-qayta oʻzgartirilishi sabab boʻlayotgani taʼkidlandi.
Kelasi yildan byudjet hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi joriy etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun alohida savdo maydonchasi tashkil qilinib, ularga yiliga 15-20 trillion soʻmlik bozor ochiladi.
Ushbu tartibni strategik korxonalar va davlat kafolati ostidagi loyihalarga ham tatbiq etish vazifasi qoʻyildi. Qurilish tannarxi, mahalliy mahsulotlar ulushi va energiya samaradorligi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatiladi.
Prezidentimiz turizm sohasida tadbirkorlikni ragʻbatlantirish uchun keng koʻlamli imtiyozlar belgilanganini eslatdi.
Jumladan, mehmonxonalar qurilishi uchun milliy valyutada 16 foizli moliyaviy resurslar ajratildi, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2030 yilgacha uzaytirildi. Yulduzli mehmonxonalarga subsidiyalar berish muddati yana ikki yilga choʻzildi.
Xorijlik sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi turoperatorlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etildi. Turistik transport vositalarini import qilishda bojxona imtiyozlari bir yilga uzaytirilib, utilizatsiya yigʻimi bekor qilindi.
Yaqin vaqtda turizmni rivojlantirish strategiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Unda xorijlik sayyohlar sonini 20 million nafarga yetkazish, turizmning iqtisodiyotdagi ulushini hozirgi 3,5 foizdan 7 foizga oshirish va soha eksportini 10 milliard dollarga olib chiqish maqsad qilinmoqda.
Prezidentimiz yangi qurilish materiallari va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalasiga ham toʻxtaldi.
Uchrashuv oldidan namoyish etilgan koʻrgazmada mahalliy korxonalar ishlab chiqarayotgan innovatsion mahsulotlar taqdimoti qilindi. Jumladan, beton gilam deb ataluvchi gidroizolyatsiya materiali kanallarni anʼanaviy betonlashga nisbatan ikki barobar tez va 30 foiz arzon qurish imkonini beradi.
– Bizdagi 31 ta loyiha instituti dunyoqarashini oʻzgartirishi, zamonga moslashishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari tadbirda qatnashayotgan investorlar ushbu institutlarni boshqaruvga olib, zamonaviy texnologiya va ilgʻor yechimlar olib kiraman desa, takliflarni koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.





