BMT Xalqaro sudi Myanmani rohinja xalqiga qarshi genotsidda aybladi
Qarorda qayd etilishicha, rohinja musulmonlari qishloqlarining 40 foizga yaqini vayron qilingan va koʻp oʻtmay ularning hududiga boshqa jamoa vakillari koʻchib kelgan.

BMT Xalqaro sudi Myanmani rohinja xalqiga qarshi genotsidda aybladi.
BMT Xalqaro sudi Myanmani rohinja musulmonlariga nisbatan genotsid sodir etganlik uchun javobgar deb topdi. Anadolu Ajansi xabariga koʻra, Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan sud organi tarixida ilk marta bir davlatni genotsid uchun javobgarligini tan olmoqda.
BMT Xalqaro sudi raisi Yuji Ivasava Gambiyaning Myanmaga qarshi daʼvosi boʻyicha qarorni eʼlon qilar ekan, Myanma xavfsizlik kuchlari xodimlari minglab tinch aholini oʻldirgani, jinsiy zoʻravonlik harakatlarini sodir etgani va rohinja musulmonlarining uylarini yoqib yuborganini maʼlum qildi. Sudda taʼkidlanishicha, mavjud dalillar 2017 yilda Myanma xavfsizlik kuchlari tomonidan 10 mingga yaqin odam oʻldirilganini tasdiqlaydi.
Sud qaroriga koʻra, hujumlar davomida Myanma armiyasi rohinja musulmonlarini maqsadli ravishda taʼqib qilgan. Sud aynan rohinja musulmonlari yashaydigan aholi punktlari vayron qilingani va yoqib yuborilganini aniqladi. Bundan tashqari, sudsiz qatl etish holatlari ham kuzatilgan.
Qarorda qayd etilishicha, rohinja musulmonlari qishloqlarining 40 foizga yaqini vayron qilingan va koʻp oʻtmay ularning hududiga boshqa jamoa vakillari koʻchib kelgan. 2017 yil avgust oyida Myanma armiyasi Arakan shtati shimolida “tozalash operatsiyalari” deb atalgan harakatlarni boshlagan edi. Ushbu operatsiyalar davomida ommaviy qotilliklar, nomusga tegish va qishloqlarga oʻt qoʻyish holatlari sodir etildi, natijada yuz minglab rohinja musulmonlari Bangladeshga qochishga majbur boʻlgandi.
Myanma hukumatiga quyidagi majburiyatlarni yuklandi:
— tovon toʻlash. Agar qoidabuzarliklar oqibatida yetkazilgan zarar restitutsiya bilan qoplanmasa, Myanma uni qoplab berishi kerak.
— qochqinlarning qaytishi. Sud rohinjalarning uylariga xavfsiz qaytishini taʼminlashni buyurdi.
— tergov va aybdorlarni jazolash. Sud genotsidga kimlar aloqadorligini tergov qilishni va buning uchun asos boʻlgan hollarda ushbu shaxslarni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Myanma hukumati rohinjalarni tarixiy aholi sifatida emas, balki Bangladeshdan kelgan noqonuniy muhojirlar deb hisoblaydi. 1982 yilgi Fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingach, rohinjalarning katta qismi fuqarolikdan mahrum boʻlib, dunyodagi eng yirik fuqaroliksiz xalqlardan biriga aylandi. Yillar davomida harakatlanish erkinligining cheklanishi, taʼlim, tibbiyot va mehnat bozoridan siqib chiqarilishi, masjidlar va uylarga qarshi cheklovlar keskin keskinlikni yuzaga keltirdi.



