Tramp Si Szinpinga AQSh Tayvan mustaqilligini qoʻllab-quvvatlamasligini maʼlum qildi
Mazkur bayonot Tayvan atrofidagi keskinlik saqlanib qolayotgan bir paytda yangradi. Orol amalda oʻz hokimiyat organlari tomonidan boshqariladi, biroq Pekin uni Xitoyning ajralmas qismi deb hisoblaydi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan muzokaralar chogʻida Vashington Tayvan mustaqilligini qoʻllab-quvvatlamasligini maʼlum qildi. Bu haqda RIA "Novosti" xabar bergan.
Mazkur bayonot Tayvan atrofidagi keskinlik saqlanib qolayotgan bir paytda yangradi. Orol amalda oʻz hokimiyat organlari tomonidan boshqariladi, biroq Pekin uni Xitoyning ajralmas qismi deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Trampning soʻzlari AQShning rasmiy siyosati oʻzgarganini anglatmaydi. Vashington "yagona Xitoy" siyosatiga amal qilib, Xitoy Xalq Respublikasi hukumatini Xitoyning yagona qonuniy hukumati sifatida tan oladi.
Biroq Pekinning Tayvan ustidan suverenitetga boʻlgan daʼvosini soʻzsiz tan olmaydi. AQSh Taybey bilan harbiy-texnik hamkorlikni davom ettirmoqda hamda mavjud vaziyatni kuch ishlatish orqali oʻzgartirishga qarshi chiqmoqda.
Maʼlumki, Tayvan mustaqil davlatga xos deyarli barcha belgilarga ega: oʻz prezidenti, parlamenti, qurolli kuchlari, milliy valyutasi va demokratik boshqaruv tizimi mavjud. Biroq dunyo mamlakatlarining aksariyati Xitoy Xalq Respublikasi bilan rasmiy diplomatik munosabatlar oʻrnatgan. Pekin esa diplomatik hamkorlaridan Tayvanni alohida davlat sifatida tan olmaslikni talab qiladi.
Natijada Tayvan bilan rasmiy diplomatik munosabatlarga ega davlatlar va boshqa subʼektlar soni atigi 12 tani tashkil etadi. Shunga qaramay, orol AQSh, Yaponiya va Yevropa mamlakatlari bilan faol iqtisodiy hamda siyosiy aloqalarni saqlab kelmoqda.
Tayvan 1895 yilda Yaponiya boshqaruviga oʻtgan va Ikkinchi jahon urushi tugaguniga qadar uning mustamlakasi boʻlib qolgan. 1945 yilda orol boshqaruvi Xitoy Respublikasi qoʻliga oʻtdi. Biroq 1949 yilda Mao Szedun boshchiligidagi kommunistlar fuqarolar urushida gʻalaba qozongach, Chan Kayshi hukumati Tayvanga chekindi. Materikda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etildi, Tayvan esa Xitoy Respublikasi nazoratida qoldi. Oʻshandan buyon orol amalda materik Xitoydan alohida boshqarib kelinmoqda.
1971 yilda Xitoyning BMTdagi oʻrni Xitoy Xalq Respublikasi vakillariga berildi. 1979 yilda AQSh Pekin hukumatini rasman tan oldi, biroq Tayvan bilan norasmiy munosabatlarni saqlab qoldi.
Keyingi oʻn yilliklarda Tayvan demokratik boshqaruv tizimiga, rivojlangan iqtisodiyotga va jahondagi yetakchi yarimoʻtkazgichlar sanoatidan biriga ega hududga aylandi.





